Tunis poytaxti ko'chalarida mamlakat Prezidenti Qays Said siyosatiga hamda keskinlashib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga qarshi minglab kishilar ishtirokida yirik norozilik namoyishi bo'lib o'tdi. Shanba kuni bo'lib o'tgan mazkur ommaviy aksiya so'nggi yillardagi eng yirik e'tirozlardan biriga aylanib, turli siyosiy kuchlar va kasaba uyushmalarini birlashtirdi.
Namoyish Tunis umumiy mehnat ittifoqi (UGTT), shuningdek, turli muxolifatdagi partiyalar va fuqarolik jamiyati vakillari tashabbusi bilan tashkil etildi. Poytaxtning markaziy Habib Burguiba xiyobonida to'plangan olomon mamlakatda siyosiy erkinliklar cheklanayotgani, so'z erkinligiga tazyiqlar o'tkazilayotgani hamda iqtisodiy tanglik chuqurlashib borayotganidan qattiq tashvishda ekanini bildirdi.
Aksiya qatnashchilari qo'llarida «Erkinliksiz demokratiya yo'q» va «Qashshoqlik bilan qadr-qimmat bo'lmaydi» kabi shiorlar yozilgan plakatlarni ko'tarib chiqdilar. Shuningdek, mitingda hukumat tanqidchilarini hibsdan ozod etish va kasaba uyushmalari huquqlariga qo'yilgan cheklovlarni zudlik bilan olib tashlash talab qilindi.
Namoyishchilarning noroziligiga mamlakatda yuzaga kelgan o'tkir iqtisodiy qiyinchiliklar, oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi, suv va elektr energiyasida muntazam uzilishlar kuzatilayotgani ham sabab bo'lmoqda. Ishtirokchilar hokimiyat yuritayotgan siyosiy kurs aholining turmush darajasini keskin yomonlashtirib yuborganini ta'kidlashdi.
Source: www.aljazeera.com