Iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Daron Ajemoʻgʻlu sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi va oʻta yuqori intellektning yaratilishi yaqin oʻn yil ichida mehnat bozorini butunlay izdan chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning ta'kidlashicha, agar hozirgi tendentsiyalar o'zgarmasa, insoniyat jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarga duch kelishi ehtimoldan xoli emas.
Olimning fikricha, sunʼiy intellekt sanoatining asosiy maqsadi inson imkoniyatlaridan ustun keladigan tizimlarni yaratishdan iborat. Ajemoʻgʻlu bunday texnologiyalarning paydo boʻlishi nafaqat an'anaviy ish o'rinlarini yo'q qilishini, balki dunyo bo'ylab demokratiya asoslariga ham putur yetkazishini taxmin qilmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, bunday ssenariy amalga oshsa, jamiyatda faqat tor doiradagi mutaxassislar va tadbirkorlargina o'z o'rnini saqlab qoladi.
Shu bois, taniqli iqtisodchi sunʼiy intellektni rivojlantirish vektorini tubdan oʻzgartirish, uni inson imkoniyatlarini almashtirishga emas, balki xodimlarning kundalik ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirish zarurligini ta'kidladi. Biroq, ekspertlar ushbu ogohlantirishlar qanchalik asosli ekaniga shubha bilan qarab, texnologik taraqqiyotni to'xtatib bo'lmasligini ta'kidlashmoqda.
Ma'lumot uchun, Daron Ajemoʻgʻlu 2024-yilda institutlarning shakllanishi va ularning farovonlikka ta'sirini o'rgangani uchun nufuzli mukofotga sazovor bo'lgan edi. Uning AQSh va G'arbiy Yevropa ilmiy doiralaridagi faoliyati ko'plab muhokamalarga sabab bo'lib kelmoqda.
Source: kun.uz