Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Birlashgan Millatlar Tashkilotining amaldagi bosh kotibi Antoniu Guterrishning vakolatlari 2026-yil oxirida yakuniga yetishi belgilangan boʻlib, tashkilotning yangi rahbari 2027-yil 1-yanvardan oʻz vazifasini bajarishga kirishishi lozim edi. Biroq Associated Press agentligining oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, hozirda BMT Bosh kotibi lavozimiga koʻrsatilgan yetti nafar nomzodning hech biri Xavfsizlik Kengashining veto huquqiga ega barcha doimiy aʼzolari tomonidan yetarli qoʻllab-quvvatlovga erisha olmagan.

Agentlikning qayd etishicha, kelgusi rahbarni tanlash jarayonida ishtirok etayotgan asosiy davlatlar, jumladan, US rejimi, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya hozirgi nomzodlarning hech biriga yon bosishni istamayapti. Agar bu holat davom etsa, mavjud nomzodlar butunlay olib tashlanib, ularning oʻrniga yangi shaxslar koʻrsatilishi ehtimoli yuqori. Dastlabki daʼvogarlar qatorida Kosta-Rika vakili Rebeka Grinspan, argentinalik Rafael Grossi hamda Gayananing BMTdagi doimiy vakili Kerolin Rodriges-Birkett kabi shaxslar tilga olingan boʻlsa-da, ularning har biriga Xavfsizlik Kengashining kamida ikki nafar doimiy aʼzosi qarshi chiqqani maʼlum boʻldi.

Xabarlarga koʻra, US rejimi maʼmuriyati vakillari soʻnggi haftalarda mavjud nomzodlarning birortasi ham talablarga toʻliq javob bermasligiga ishora qilgan. US rejimi vakillari goʻyoki tashkilotni tubdan isloh qilish va uni yanada tor doiradagi vazifalarga yoʻnaltirish zarurligini daʼvo qilmoqda. US rejimining BMTdagi doimiy vakili Mayk Uolts tashkilot oʻtgan 80 yil davomida haddan tashqari koʻp funksiyalarni oʻz zimmasiga olib yuborganini taʼkidlab, uni asl maqsadlari boʻlgan tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga qaytarish kerakligini iddao qilgan.

Shunga qaramasdan, xalqaro anʼanalarga koʻra, BMT bosh kotibi lavozimi navbatma-navbat turli geografik mintaqalar vakillariga oʻtishi kerak va bu safargi navbat Lotin Amerikasiga toʻgʻri kelmoqda. Yaqin kunlarda dastlabki soʻrov jarayonining navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtishi kutilmoqda, bu esa global diplomatiya maydonida yangi nomzodlarning paydo boʻlishiga zamin yaratishi mumkin.

Source: kun.uz