Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) boshlangan navbatdagi siyosiy inqiroz tinchlik jarayoniga jiddiy putur yetkazdi. Sobiq prezident Jozef Kabila amaldagi davlat rahbari Feliks Tisekedi hukmronligiga qarshi tuzilgan yangi harbiy-siyosiy koalitsiyaning yetakchisiga aylandi. Gomada e'lon qilingan Millatni qayta tiklash fronti (FRN) deb nomlangan ushbu birlashma mamlakatda chuqurlashib borayotgan ziddiyatlarni yanada keskinlashtirishi kutilmoqda.
Goma shahrida dushanba oqshomida taqdim etilgan FRN harakati ilgari faoliyat yuritgan “Kongo daryosi alyansi” (AFC) va M23 harakati o‘rnini egalladi. Yangi koalitsiya Tisekedi hokimiyatini zolimlikda ayblab, qurol ishlatishni o‘z ichiga olgan har qanday usul bilan qarshilik ko‘rsatishga chaqirmoqda. Eslatib o‘tamiz, mamlakat sharqidagi Shimoliy Kivu provinsiyasining markazi bo‘lgan Goma shahri o‘tgan yilning yanvaridan beri isyonchilar nazorati ostida qolmoqda.
Mahalliy aholi va inson huquqlari faollarining fikricha, sobiq davlat rahbarining isyonchilar tomoniga o‘tishi mojaroga barham berish urinishlarini shubha ostiga qo‘yadi. Goma aholisidan biri Basa Juhudining aytishicha, Kabila kabi mamlakatni ichki-tashqi jihatdan yaxshi biladigan shaxsning isyonchi guruhga qo‘shilishi urush tez orada tugamasligidan dalolat beradi. Shuningdek, bu holat mamlakatda 2019-yilda erishilgan ilk tinch demokratik hokimiyat almashinuvining kelajagini xavf ostiga qo‘yayotgani ta'kidlanmoqda.
Vashington va Doha vositachiligida olib borilayotgan xalqaro tinchlik tashabbuslari ham xavf ostida qolgani aytilmoqda. Doha muzokaralarida o‘t ochishni to‘xtatish masalalari muhokama qilingan bo‘lsa-da, yangi koalitsiya oldingi kelishuvlarga sodiq qolishini bildirdi. Biroq, tahlilchilar va faollar bunday shartnomalar xalq uchun real tinchlik keltirmasligidan xavotir bildirmoqda.
Shuni ham ta'kidlash joizki, o‘tgan yili Kongo harbiy sudi Kabila sirtqi tartibda davlatga xiyonat va harbiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosiga hukm qilgan edi. Hozircha rasmiy Kinshasa ushbu yangi koalitsiyaga nisbatan keskin munosabat bildirib, Kabilani “tartibsizlikdan boshqa narsani taklif qila olmaydigan o‘tmish odami” deb atagan.
Source: www.aljazeera.com