Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

G‘azo sektorida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi kun sayin oshib bormoqda, chunki Isroil rejimi tomonidan tijorat tovarlarini olib kirishga qo‘yilgan cheklovlar beshinchi kundan buyon davom etmoqda. Enklavdagi qamal tufayli allaqachon qiynalib qolgan oilalar kelgusidagi taqchillik va narxlarning yanada o‘sishidan qo‘rqib, topish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni zaxiralashga majbur bo‘lmoqda.

Un, tuxum, piyoz va boshqa eng zarur mahsulotlar qiymati chorshanba kunidan beri keskin qimmatlashdi. O‘shanda Isroil rejimi G‘azoga tijorat yuklari kiritilmasligini ma'lum qilgan edi. Bu holat falastinlik savdogarlar va hududda ma'lum darajada vakolatga ega bo‘lgan HAMAS o‘rtasidagi to‘lovlar bo‘yicha yuzaga kelgan nizo fonida yuz bermoqda. Isroil rejimining harakatlari oqibatida yuz minglab falastinliklar qashshoqlikka yuz tutgani aytilmoqda.

Mahalliy aholi vakili Ismoil al-Barawining ta'kidlashicha, chegara punktlari yopilgandan keyin atigi ikki-uch kun ichida narxlar bir necha barobar oshgan. Jumladan, ilgari 35 shekel turgan bir quti tuxum hozirda 60-70 shekelga sotilmoqda, piyoz va avakado narxlari ham keskin sakrashni boshdan kechirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda puli borlar ozroq zaxira qilishga urinayotgan bo‘lsa, mablag‘i bo‘lmagan oilalar mutlaqo ojiz ahvolda qolmoqda.

G‘azodagi hukumat matbuot xizmati Isroil rejimining boj va to‘lovlar haqidagi da'volarini rad etib, buni chegaralardagi taqiqni yanada kuchaytirish uchun bahona sifatida baholadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, G‘azoda oziq-ovqat narxlari inqiroz boshlangan davrdagiga nisbatan bir necha baravar yuqoriligicha qolmoqda va davom etayotgan cheklovlar gumanitar fojiani yanada chuqurlashtirmoqda.

Source: www.aljazeera.com