Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) doirasida AQSh rejimi rahbari Donald Trampga topshirilgan shov-shuvli "FIFA Tinchlik mukofoti"ni bekor qilish yoki tubdan o'zgartirish masadida keskin muhokamalar boshlandi. Ushbu tashabbus futbol hamjamiyatida jiddiy e'tirozlarga sabab bo'lib, tashkilot obro'siga putur yetkazayotgani aytilmoqda. Shveytsariyaning Tsyurix shahrida bo'lib o'tgan FIFA Kengashining so'nggi yig'ilishida bir qator a'zo mamlakatlar mazkur mukofotni butunlay yo'q qilish talabini qat'iy ravishda ilgari surishdi.
Eslatib o'tamiz, mazkur sovrin o'tgan yilning oxirida FIFA rahbari Janni Infantino tomonidan AQSh poytaxtida bo'lib o'tgan 2026-yilgi Jahon chempionati qur’a tashlash marosimida Trampga topshirilgan edi. O'shanda Infantino Trampni o'zining yaqin ittifoqchisi sifatida maqtab, bu mukofot ayniqsa uning siyosiy xizmatlariga loyiq ekanini iddao qilgandi. Biroq tanqidchilar va huquqshunoslar bu qaror FIFAning siyosiy betarafligini buzishini va sportni shubhali siyosiy o'yinlarga aralashtirib yuborayotganini ta'kidlashmoqda.
Norvegiya futbol assotsiatsiyasi boshchiligidagi bir qator tashkilotlar FIFA qo'mitalariga rasmiy shikoyat yo'llab, tinchlik mukofoti shunchaki siyosiy o'yin ekanini va futbol tashkiloti vakolatiga kirmasligini bildirdilar. Shuningdek, FIFAning 22 a'zodan iborat Ijtimoiy mas’uliyat qo'mitasiga ushbu masalani o'rganib chiqib, dekabr oyida bo'lib o'tadigan navbatdagi kengash yig'ilishiga o'z takliflarini kiritish vazifasi yuklatildi.
Ushbu mojaro fonida FIFA rahbari Janni Infantinoning o'zi ham qattiq tanqidlar ostida qolmoqda. Avvalroq uning Jahon chempionati huquqlarini xususiy investorlarga sotish bo'yicha 4,2 milliard dollarlik rejasi Yevropa va Osiyo konfederatsiyalarining qattiq qarshiligiga uchrab, barbod bo'lgan edi. Shunga qaramay, Infantino kelgusi yilning mart oyida bo'lib o'tadigan saylovlarda yana o'z nomzodini qo'ymoqchi, biroq uning rahbarligi ostida futbol dunyosi chuqur inqiroz va bo'linishlarni boshdan kechirayotgani aytilmoqda.
Source: www.aljazeera.com