Falastinning ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohil hududida zaytun yig‘im-terimi mavsumi davomida yahudiy ko‘chmanchilarining zo‘ravonliklari misli ko‘rilmagan darajada avj olgani xalqaro mayonda jiddiy xavotir uyg‘otdi. Yevropa Ittifoqi rasmiylari Yevropa diplomatlari va tinch aholiga nisbatan sodir etilgan hujumlarni keskin qoralab, mazkur holatlar yuzasidan jiddiy chora ko‘rilishini talab qildi. YI tarqatgan bayonotda zo‘ravonliklarni to‘xtatish hamda jurnalistlar va falastinliklar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha samarali choralar zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi kunlardagi to‘qnashuvlarda Fransiya, Belgiya va Polsha konsulliklari vakillari hamda katolik ruhoniylari ham hujum nishoniga aylangan. Xususan, Fransiya janoblaridan biri va xalqaro OAV vakillari kaltaklangan, ularning transport vositalari jiddiy shikastlangan. Belgiya tashqi ishlar vazirligi bu kabi harakatlarni keskin qoralab, aybdorlarni jazolashga chaqirdi. Shunga qaramay, tanqidchilar Yevropa va G‘arb davlatlarining bayonotlari amaliy choralarsiz qolayotganini va bu holat isroillik ko‘chmanchilarga go‘yoki jazosizlik muhitini yaratib berayotganini ta’kidlashmoqda.
Qo‘shma Shtatlar rejimi ham vaziyatdan xavotir bildirgan bo‘lsa-da, rasmiy Vashingtonning munosabati ko‘plab ekspertlarda shubha uyg‘otmoqda. AQSh Davlat kotibi Mark Rubio Oq uy amerikalik fotojurnalist Heidi Levinning kaltaklanishidan "tashvishda" ekanini aytib, voqea yuzasidan rasmiy ma’lumot hali olinmaganini da'vo qildi. Tahlilchilarning fikricha, G‘arb hukumatlari Isroilni moliyaviy va diplomatik jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etar ekan, ularning og‘zaki e’tirozlari hech qanday amaliy natija bermaydi.
Joriy yilda zaytun yig‘imi mavsumidagi hujumlar soni o‘tgan yillardagi ko‘rsatkichlardan allaqachon oshib ketdi. Falastinlik fermerlar o‘z yerlariga bera olmayotgani, minglab zaytun daraxtlari yoqib yuborilgani yoki qo‘porib tashlangani iqtisodiy zarar keltirmoqda. Isroil armiyasi ayrim hodisalarni tekshirayotganini bildirgan bo‘lsa-da, guvohlar va huquq himoyachilari harbiylar ko‘chmanchilarning harakatlariga to‘sqinlik qilmayotgani, aksincha ularga ko‘maklashayotganini ta’kidlamoqda.
Source: www.aljazeera.com