Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori Muhsinxoʻja Abdurahmonovning Xorvatiyaga amaliy tashrifi doirasida mamlakat rasmiy doiralari hamda ish beruvchilari bilan qator muhim muzokaralar oʻtkazildi. Uchrashuvlar davomida Xorvatiya Savdo-sanoat palatasi (HGK), Ish beruvchilar assotsiatsiyasi (HUP) rahbarlari bilan oʻzbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Ishlab chiqilgan yangi tizimga muvofiq, xorvatiyalik ish beruvchilar oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari va kadrlarga boʻlgan ehtiyoji haqidagi maʼlumotlarni Migratsiya agentligiga taqdim etadilar. Oʻz navbatida, nomzodlar Oʻzbekistonda maxsus kasbiy va til kurslarida oʻqitilib, ish beruvchilarning bevosita ishtirokida saralab olinishi belgilandi.
Davlatlararo mexanizmlar orqali tanlab olingan fuqarolar uchun Xorvatiyada ishlash hamda yashash ruxsatnomalarini rasmiylashtirish jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtirish koʻzda tutilgan. Dastlabki bosqichda qurilish, payvandchilik va transport sohalarida amaliy ishlarni boshlash rejalashtirilmoqda.
Xorvatiya tomonining maʼlumotiga koʻra, qurilish sohasida boshlangʻich oylik maoshlari 1 300–1 400 yevro atrofida baholanmoqda, tasdiqlangan malakaga ega mutaxassislar esa bundan ham yuqoriroq daromad topishi mumkin. Shuningdek, turizm, mehmonxona-restoran xizmatlari, tibbiyot va savdo tarmoqlarida ham malakali kadrlarga ehtiyoj yuqoriligi qayd etildi.
Source: kun.uz