Shanba kuni Yaponiyaning Nagoya shahridagi “Midzuxo” stadionida beshinchi Osiyo parao‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Husniddin Ato va Mariya Malinovskaya tayyorlagan fotoreportajda rang-barang tadbir tafsilotlari o‘z aksini topdi. Marosim Aichi prefekturasi hamda Yaponiyaning boy madaniy merosini namoyish etuvchi an’anaviy chiqishlar bilan boshlandi, bu esa yig‘ilganlarda o‘ziga xos taassurot qoldirdi.
Ishtirokchi mamlakatlar delegatsiyalari stadionga o‘ziga xos daraxt shaklidagi installyatsiya orqali kirib keldi. Musobaqalarning rasman ochilganini Yaponiya imperatori Naruxito e’lon qildi. Shundan so‘ng, tadbir yakunida an’anaviy mash’ala estafetasi bo‘lib o‘tdi va Aichining uchta kulolchilik san’ati markazi tuprog‘idan yasalgan katta qozonda o‘yinlar olovi yoqildi. Ushbu musobaqa dasturidan jami 18 ta sport turi o‘rin olgan bo‘lib, sportchilar 492 ta medallar jamg‘armasi uchun bahs olib boradilar. O‘yinlarning yopilish marosimi 24-oktabr kuniga belgilangan.
Mazkur xalqaro musobaqada O‘zbekiston sharafini 11 ta sport turi bo‘yicha 150 dan ortiq sportchi himoya qilmoqda. E’tiborlisi, o‘yinlar tarixida ilk bor mamlakat parasportchilari paraqilichbozlik, bochcha va kamondan paraotish kabi yangi turlarda o‘z kuchini sinab ko‘radi. O‘zbekiston jamoasining bayroqdorlari sifatida taekvondo bo‘yicha Paralimpiya chempioni Asadbek Toshtemirov hamda shossedagi paravelosport bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Marjona Pardaboyeva tanlandi. Shuningdek, mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari rahbarlari ham ishtirok etib, sportchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Source: www.gazeta.uz