Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kiyev rejimining qurolli kuchlari Rossiya hududiga qarshi so‘nggi yillardagi eng yirik havo hujumlaridan birini amalga oshirdi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bir kechada 1000 dan ortiq dronlar yordamida uyushtirilgan bu zarbalar oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan va besh kishi jarohat olgan. Rossiya Mudofaa vazirligi 15 ta hudud, Qrim hamda Qora dengiz uzra jami 1015 ta uchuvchisiz uchish apparati zararsizlantirilganini da'vo qilmoqda.

Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati hujumning asosiy nishonlaridan biriga aylandi. Shahar gubernatori Aleksandr Beglovning so‘zlariga ko‘ra, yirik neft terminali, Ruchi neft ombori hamda Kolpino tumanidagi sanoat omborlarida kuchli yong‘inlar kelib chiqqan. Shuningdek, Ozon kompaniyasining logistika markazi va VK internet korporatsiyasining ma'lumotlar markazi ham dronlar zarbasidan zarar ko‘rgani xabar qilindi. Hujumlar fonida Sankt-Peterburg aeroportida parvozlar vaqtincha cheklangan.

Mazkur keskinlashuv Vashington va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan bir paytga to‘g‘ri keldi. AQSh rejimi rahbari Donald Tramp Ukraina tomonining Rossiya energetika infratuzilmasiga qilayotgan hujumlarini tanqid qilib, bu harakatlar tinchlik muzokaralariga to‘sqinlik qilishini ta'kidladi. Trampning aytishicha, u Moskvaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishni ataylab to‘xtatib turibdi, chunki bu Rossiyani muzokara stolidan uzoqlashtirishi go‘yoki “ahmoqlik” bo‘lardi.

O‘z navbatida, Kiyev rejimi rahbari Volodimir Zelenskiy AQShning ushbu yondashuvini keskin qoralab, Vashingtonning Moskvaga yon bosishi “tarixiy xato” bo‘lishini iddao qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida Rossiya Ukrainaning energiya ob'ektlariga o‘nlab marta hujum uyushtirgan va mamlakat aholisining katta qismi elektr energiyasidan mahrum bo‘lgan. Tomonlar o‘rtasidagi harbiy harakatlar va o‘zaro ayblovlar fondida mintaqadagi gumanitar inqiroz yanada chuqurlashib bormoqda.

Source: www.aljazeera.com