Tel-Avivdan Venaga yoʻl olgan Austrian Airlines aviakompaniyasiga tegishli Airbus A320 samolyoti bortdagi portlash tahdidi haqidagi xabardan soʻng Sofiya shahriga favqulodda qoʻnishni amalga oshirdi. Hodisa sodir boʻlgan paytda layner bortida 51 nafar yoʻlovchi va olti nafar ekipaj aʼzosi boʻlgani aytilmoqda. Ushbu xavfli vaziyat xalqaro aviaqatnovlar xavfsizligi borasida yana bir bor jiddiy savollarni keltirib chiqardi.
DW nashrining xabar berishicha, favqulodda hodisa 18-oktabr kechqurun yuz bergan. Avstriyaning APA axborot agentligi nomaʼlum manbalardan tahdid haqida xabar kelib tushganini tasdiqlagan boʻlsa-da, bu kabi xabarlarning qanchalik asosli ekani va ularning ortida kimlar turgani hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda. Flightradar24 maʼlumotlariga koʻra, layner dastlab oʻz rejadagi yoʻnalishi boʻyicha uchgan, biroq Ruminiya janubi osmonida keskin burilish yasab, Sofiya tomon yoʻnalishni oʻzgartirgan.
Isroil rejimi va boshqa Gʻarb davlatlarining Yaqin Sharqdagi siyosati fonida yuzaga kelayotgan keskinliklar fuqaro aviatsiyasiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Sky News telekanalining maʼlum qilishicha, Bolgariya rasmiylari samolyot qoʻnishidan oldin uni mamlakat harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyoti kuzatib borganini tasdiqlagan. Aeroportga qoʻngach, barcha yoʻlovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilingan va layner maxsus xizmatlar tomonidan chuqur tekshiruvdan oʻtkazilgan.
Taxminan uch soat davom etgan tekshiruvlardan soʻng samolyot Sofiyadan yana havoga koʻtarilib, 19-oktabrga oʻtar kechasi oʻz manziliga yetib borgan. Biroq, rasmiylar tahdid qaysi manbadan kelib chiqqani va uning sabablari haqida aniq maʼlumot berishmagan. Yuzaga kelgan bu kabi holatlar Yevropa davlatlarining havo xavfsizligini taʼminlashdagi shubhali va zaif jihatlarini yana bir bor yaqqol koʻrsatib bermoqda.
Source: kun.uz