Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh rejimining Yuta shtatida qurgʻoqchilikdan jiddiy zarar koʻrgan daryolarni tiklash maqsadida 47 ta qunduz boshqa hududlardan koʻchirib keltirildi. Ushbu gʻayrioddiy ekologik tajriba doirasida mutaxassislar tabiat muvozanatini sun'iy ravishda tiklashga urinib koʻrdi, biroq jarayon koʻplab muammolarga duch keldi va uning natijalari shubhaliligicha qolmoqda.

Yuta shtati universiteti olimlari tomonidan 2019–2020-yillarda amalga oshirilgan mazkur loyihada boshqa hududlarda infratuzilmaga zarar yetkazgani uchun tutib olingan qunduzlardan foydalanildi. Ularni qurgʻoqchil hududdagi Prays va San-Rafael daryolariga qoʻyib yuborishdi. Goʻyoki bu jonivorlar quradigan tabiiy toʻgʻonlar mahalliy noyob baliqlarning yashash muhitini yaxshilashi kerak edi, biroq amalda ishlar rejadagidek ketmadi.

Ma'lum qilinishicha, qunduzlarni koʻchirish jarayoni kutilganidan ancha murakkab kechgan. Sakkiz haftalik kuzatuv davomida koʻchirilgan hayvonlarning omon qolish koʻrsatkichi hatto 40 foizga ham yetmagan. Taqqoslash uchun, ushbu hududda avvaldan yashab kelgan 24 ta qunduzdan iborat nazorat guruhida yashovchanlik 80 foizni tashkil etgan. Hayvonlarning aksariyati yirtqichlar qurboniga aylangan yoki noma'lum sabablarga koʻra nobud boʻlgan.

Shuningdek, koʻchirilgan qunduzlarning atigi chorak qismigina yangi joyda qolgani aniqlangan, qolganlari esa qulayroq hudud izlab uzoqlashgan. Shunga qaramay, olimlar daryolarda jami 20 ta yangi toʻgʻon paydo boʻlganini qayd etdi. Endilikda ushbu sun'iy va tabiiy toʻgʻonlarning mahalliy baliq turlariga ta'siri qanday boʻlishi hali toʻliq oʻrganilishi lozim.

Source: kun.uz