Isroil rejimi huquq-tartibot idoralari ma’lum qilishicha, dam olish kunlari ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohil hududida yuz bergan zo‘ravonliklar va tartibsizliklar munosabati bilan o‘n nafar shaxs hibsga olingan. Ushbu hibsga olishlar AQSh fotojurnalisti hamda Yevropa diplomatlariga qilingan hujumlardan so‘ng amalga oshirilgani aytilmoqda, garchi voqealarning barcha tafsilotlari hamon to‘liq oydinlashmagan bo‘lsa-da.
Politsiya xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etish, yopiq harbiy zona tartibini buzish hamda noqonuniy qurilishlar bilan bog‘liq ishlarda gumon qilinmoqda. Isroil armiyasi radiosi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu gumonlanuvchilarning barchasi Isroil fuqarolari ekanligi aniqlangan, biroq ularning shaxsi sir saqlanmoqda.
Mazkur voqealar falastinliklarning an’anaviy zaytun yig‘im-terimi mavsumiga to‘g‘ri kelib, hududdagi keskinlikni yanada oshirib yubordi. Xalqaro hamjamiyat sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan keskin norozilik bildirmoqda. Xususan, Britaniya hukumati bu kabi holatlarni qattiq qoralab, noqonuniy posyolka mahsulotlariga nisbatan sanksiyalar kiritganini e’lon qildi.
Shuningdek, AQSh rejimining vakili Mayk Xakabi ijtimoiy tarmoqlarda hibsga olishlarni «ijobiy qadam» deb atadi. Biroq, bosh vazir Binyamin Netanyaxuning voqealar yuzasidan bildirgan bayonotlari turlicha talqin qilinmoqda. Netanyaxu jabrlangan jurnalist Heidi Levin bilan bog‘liq faktlar hali ham «noaniq» ekanligini iddao qilib, diplomatlar esa xavfli hududga harbiy muvofiqlashtiruvsiz kirib borganini ta’kidladi. Jabrlangan jurnalist esa bosh vazurning bu so‘zlaridan o‘ta hayratda qolgani va haqoratlanganini bildirdi.
Source: www.aljazeera.com