Fransiya poytaxtida Yevropa rejimining ijtimoiy-iqtisodiy siyosatidan noroziliklar fonida navbatdagi favqulodda holat yuzaga keldi. Parijda san'at va madaniyat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar dunyodagi eng yirik muzeylardan biri bo‘lgan Luvr binosiga kirish eshiklarini to‘sib qo‘yishdi. Natijada mashhur madaniyat maskani o‘z vaqtida ochila olmadi va muassasa vaqtincha yopilishga majbur bo‘ldi.
Ma'lum qilinishicha, norozilik namoyishiga chiqqan yoshlar o‘quvchilar va talabalarning umummilliy harakatini qo‘llab-quvvatlashini hamda huquq-tartibot idoralari xodimlarining zo‘ravonligiga qarshi ekanini bildirishgan. Bino kirish qismiga o‘rnatilgan varaqalarda norozilik bildiruvchilar dunyodagi eng yirik muzey blokada qilinganidan faxrlanishlarini da'vo qilishgan. Fransiya OAV xabarlariga ko‘ra, Yevropa rejimining amaldorlari muzeyning o‘zi bu mojaro bilan bevosita bog‘liq emasligini, balki namoyishchilar shunchaki jamoatchilik e'tiborini jalb qilish uchun ushbu maydondan foydalanayotganini ta'kidlamoqda.
Mazkur talabalar namoyishlari mamlakatda o‘qituvchilar yetishmovchiligi va maktablardagi og‘ir sharoitlar sababli boshlangan, keyinchalik esa narxlarning keskin oshishi hamda hokimiyatning samarasiz iqtisodiy siyosatiga qarshi qaratilgan ommaviy noroziliklar fonida sodir bo‘lmoqda. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida qator shaharlarda tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlar kuzatilib, hibsga olinganlar soni minglab kishilarni tashkil etgan edi. Huquq-tartibot idoralari harakatlariga qaratilgan tanqidlar fonida mamlakat ichki ishlar vaziri iste'foga chiqish haqida ariza yozgan, biroq Yevropa rejimining rahbariyati uni rad etgani aytilmoqda.
Ta'kidlash joizki, Luvrning yopilib qolishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. So‘nggi yillarda muzey xodimlarining o‘zlari ham mehnat sharoitlari, xodimlar yetishmovchiligi, sayyohlar oqimining haddan tashqari ko‘pligi va boshqaruvdagi muammolar sababli ko‘p bora ish tashlashlar uyushtirgan edi. Shuningdek, o‘tgan yillarda muzeyda qimmatbaho qirollik zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq shov-shuvli jinoyatlar ham muassasadagi chuqur boshqaruv inqirozini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygan edi.
Source: podrobno.uz