Kaliforniya sudi hujjatlariga tayanib tarqatilgan ma'lumotlarga ko'ra, sun'iy intellekt sohasidagi yetakchi OpenAI kompaniyasining yig'ilish xonasiga maxfiy ovoz yozish moslamasini o'rnatishda ayblanayotgan Saudiya Arabistoni fuqarosi mamlakat hukumatidan sezilarli darajada yordam olayotgani taxmin qilinmoqda. AQSh rejimining prokurorlari ta'kidlashicha, sun'iy intellekt firmasining sobiq xodimi Abdulrahmon Alfozan qirollik oilasi vakili bilan muntazam ravishda aloqada bo'lgan va uning hibsga olinishidan so'ng oilasining vatanga qaytish chiptasi Saudiya harbiylari tomonidan moliyalashtirilgan.
Sud majlisida ma'lum qilinishicha, 35 yoshli muhandis OpenAI kompaniyasida taxminan bir yil davomida faoliyat yuritgan. Kompaniya xodimlari 30-sentabr kuni anjumanlar zalidagi televizor ortiga yashiringan va tualet qog'ozi bilan berkitilgan yozuv moslamasini aniqlaganlar. Shundan so'ng xonaga kuzatuv kamerasi o'rnatilgan bo'lib, 5-oktabr kuni Alfozan kameraga tushib qolgan va aynan o'sha televizor ortini tekshirayotgani tasvirga olingan.
FBI xodimlari gumonlanuvchini 9-oktabr kuni hibsga olgan va uning OpenAI bilan tuzgan shartnomasi darhol bekor qilingan. AQSh rejimi prokurorlarining da'vo qilishicha, ushbu holat milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi mumkin, chunki mazkur xonada kompaniya rahbarlari yuqori martabali davlat amaldorlari bilan maxfiy uchrashuvlar o'tkazgan.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, hibsga olish Alfozan o'z oilasi bilan San-Fransiskodan Ar-Riyodga bir tomonlama chipta bilan uchib ketishidan uch kun oldin amalga oshirilgan. Prokurorlar ayblanuvchining turmush o'rtog'i AQSh vizasi muddati tugayotgani sababli doimiy ravishda Saudiya Arabistoniga qaytishni rejalashtirganini ma'lum qilganini bildirishgan. Shuningdek, Alfozan hibsga olinganidan bir kun o'tib, uning rafiqasi va o'g'li Qatar orqali biznes-klass chiptasi bilan vatanga uchib ketgani, ushbu chipta Saudiya harbiylaridan biri tomonidan sotib olingani iddao qilinmoqda.
Dushanba kuni AQSh okrug sudyasi Aleks Tse ayblanuvchining qochib ketish ehtimoli yuqoriligini ta'kidlab, uning advokatlarining garov evaziga ozod qilish haqidagi iltimosnomasini rad etdi. Federal tergov harakatlari davom etmoqda va agar aybi to'liq isbotlansa, Alfozan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi hamda 250 ming dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Source: www.bbc.co.uk