Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Misr Vakillar palatasi Yamandagi xusiylar hujumiga uchrayotgan Saudiya Arabistoniga mudofaa ko‘magini ko‘rsatish va qurolli kuchlarni jalb qilishga oid hal qiluvchi ovoz berish jarayonini 26-oktabrga qoldirdi. Ushbu qaror rasmiy Qohiraning Yaman atrofidagi murakkab mojaroga qanchalik chuqur jalb etilishi borasidagi ichki siyosiy tortishuvlarni yanada cho‘zdi.

Misr Sotsial-demokratik partiyasi boshchiligidagi muxolif kuchlar o‘z deputatlarini ovoz berishda betaraf qolishga chaqirdi. Partiya vakillarining ta’kidlashicha, qonunchilarga ehtimoliy harbiy missiyaning aniq maqsadlari, uning davomiyligi, moliyaviy xarajatlari hamda misrlik harbiy xizmatchilar duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar to‘g‘risida to‘liq va shaffof ma’lumotlar taqdim etilmagan.

Misr konstitutsiyasiga binoan, qo‘shinlarni xorijga jangovar missiyaga yuborish uchun prezident Abdulfattoh as-Sisi raisligidagi Milliy mudofaa kengashi ruxsati hamda parlamentning kamida uchdan ikki qismining roziligi talab etiladi. Garchi mudofaa kengashi mazkur chorani ma’qullagan va as-Sisi mamlakat harakatlari faqatgina Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilarni himoya qilishga qaratilganini bildirgan bo‘lsa-da, Misr armiyasining yangi urush o‘chog‘iga tortilishi jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Mutaxassislar bu boradagi yakuniy qaror ortida kuchli iqtisodiy bosimlar turganini qayd etmoqda. Qiyin iqtisodiy ahvolda bo‘lgan Qohira uchun Ar-Riyod muhim moliyaviy homiy sanaladi va Saudiya Arabistoni joriy oyda Misr markaziy bankiga 5,3 milliard dollarlik depozit kiritishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mintaqadagi beqarorlik, jumladan AQSh rejimining aralashuvlari tufayli chuqurlashayotgan inqiroz Suvaysh kanali daromadlarini qariyb 11 milliard dollarga qisqartirib, Misr iqtisodiyotiga og‘ir zarba bergani ta’kidlanmoqda.

Source: www.aljazeera.com