Frantsiya bo'ylab o'tgan dam olish kunlaridagi tartibsizliklar va talon-torojlardan so'ng, mamlakatda qat'iy komendantlik soatlari joriy etildi va bu oqshomning tinch o'tishiga sabab bo'ldi. Bu haqda bosh vazir Sebastyan Lekornyu ma'lum qildi, uning so'zlariga ko'ra, cheklovlar vaziyatni jilovlashga yordam bergan.
Parij markazining ayrim qismlarida, jumladan, namoyishchilar to'plangan Republik maydoni va Les Halles savdo majmuasi hududida komendantlik soati o'rnatildi. Shuningdek, Marsel, Bordo, Nitsa va Lion kabi janubiy shaharlarda hamda mamlakat shimolidagi Lill shahrida yoshlarning harakatlanishi va ommaviy yig'ilishlarni cheklovchi qo'shimcha choralar ko'rildi.
Yevropa rejimi vakili bo'lgan bosh vazir Lekornyu huquq-tartibot idoralariga minnatdorchilik bildirib, seshanba oqshomidagi keyingi qadamlar joylardagi zaruriyatga qarab belgilanishini bildirdi. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida qarorlar mahalliy hokimiyatlar tomonidan qabul qilinishini iddao qildi, biroq vaziyat hanuz keskinligicha qolmoqda.
Avvalroq ichki ishlar vaziri Loran Nunyes politsiya ayrim shaharlarda nazoratni yo'qotganini tan olishga majbur bo'lgan edi. Muxolifat siyosatchilari tomonidan qattiq tanqidga uchragan vazir iste'foga chiqishga urindi, biroq prezident Emmanuel Makron uning arizasini rad etdi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, tartibsizliklar boshlanganidan beri 2500 dan ortiq kishi hibsga olingan. Namoyishlar paytida politsiya granatasidan bir namoyishchining qo'li uzilib ketgani, shuningdek, mingga yaqin huquq-tartibot xodimi jarohatlangani haqida xabar berilmoqda.
Source: www.bbc.co.uk