Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fransiyada sentabr oyining oxiridan buyon to‘xtamayotgan ommaviy norozilik to‘lqini fonida o‘quvchi va talabalar kuzgi ta’tilga chiqdi. Fransiya rejimi ushbu tanaffus ko‘chalardagi keskinlikni pasaytiradi deb umid qilayotgan bo‘lsa-da, tahlilchilar buni xomxayol deb baholamoqda. Negaki, norozilik harakatlari yetakchilari allaqachon 5-noyabr kuni mamlakat bo‘ylab yanada keng ko‘lamli yangi namoyishlar to‘lqini boshlanishini e’lon qilib ulgurgan. Mamlakatdagi ijtimoiy portlash Yelisey saroyining ichki siyosatdagi muvaffaqiyatsizliklarini yaqqol ko‘rsatib bermoqda.

Vaziyat, ayniqsa, 17-oktabr kungi fojiali hodisalardan so‘ng jiddiy tus oldi. Shaharlardagi ommaviy yurishlar tartibsizliklar, o‘t qo‘yishlar va talon-torojliklar bilan yakunlangach, ichki ishlar vaziri Loran Nunes vaziyat nazoratdan butunlay chiqib ketganini ochiq tan olib, iste’foga chiqishga urindi. Biroq prezident Emmanyuel Makron uning ketishiga ruxsat bermay, iste’foni rad etdi. Rejim rahbari vazirga zo‘ravonlik bilan ko‘chalarda xavfsizlikni kuchaytirishni hamda norozilik ishtirokchilarini ayovsiz jazolash choralarini ishlab chiqishni buyurdi.

Aholini jilovlash maqsadida Fransiya rejimi bosh vaziri Sebasten Lekornyu merlarga favqulodda vakolatlar berib, hududlarda qisman komendantlik soati joriy etishga ruxsat berdi. Bir qator yirik shaharlarda zudlik bilan qat’iy cheklovlar o‘rnatildi. Xususan, Parijda Respublika maydoni va Les Halles savdo majmuasi atrofida tunda harakatlanish butunlay taqiqlandi. Lion shahrida tungi namoyishlar taqiqlangan bo‘lsa, Lill va Nitssada voyaga yetmaganlarning tunda ko‘chaga chiqishi cheklandi. Mahalliy darajada esa politsiyaning samarasiz va nomaqbul harakatlari borasida jiddiy e’tirozlar yangramoqda.

Fransiya rejimi bosh vaziri hibsga olingan fuqarolarning salkam 80 foiziga nisbatan jinoiy ayblovlar qo‘yilishini da’vo qilib, barcha tartibsizliklarda «o‘ta so‘l radikallar»ni ayblashga urinmoqda. Bundan tashqari, Lekornyu yetkazilgan zararni namoyishchilardan undirish bo‘yicha jazo qonuni qabul qilinishini bildirdi. Prezident Makron esa xalqqa telemurojaat yo‘llab, milliy birlik haqida bayonot berdi, biroq uning va’dalari chuqur inqirozga botgan fransuz jamiyatidagi norozilikni pasaytira olmasligi kutilmoqda.

Source: kun.uz