Wall Street Journal nashrining AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, texnologik milliarder Ilon Mask Ukraina harbiylari foydalanadigan Starlink sun'iy yo'ldosh aloqasi xizmatining tezligini ataylab cheklab qo'ygan. Ma'lum qilinishicha, ushbu qaror Ukrainaning jang maydonidagi aloqalari hamda dronlar operatsiyalariga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Nashr manbalarining ta'kidlashicha, oxirgi haftada Mask Ukraina apparatlarining sun'iy yo'ldosh tarmog'iga ulanish tezligini pasaytirgan. Bu esa mamlakatning hujumkor va tutuvchi dronlarini amalda yaroqsiz holga keltirgani iddao qilinmoqda. Ukraina o'z harakatlarini muvofiqlashtirish uchun ushbu tarmoqqa tayanar edi, biroq yangi cheklovlar Kiyev rejimining mudofaa hamda hujum missiyalariga to'sqinlik qilmoqda.
Shuningdek, xabarlarga ko'ra, Mask va AQSh prezidenti Donald Tramp tezlikni cheklash qaroridan so'ng telefon orqali muloqot qilishgan. Ba'zi AQSh rasmiylari Mask bu qadamni bir tomonlama tashlaganiga ishonishsa-da, vaziyatdan xabardor boshqa bir shaxs milliarder tezlikka cheklov qo'yishdan oldin Tramp hamda boshqa yuqori martabali ma'muriyat vakillari bilan muloqot qilganini da'vo qilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Mask ham, Tramp ham Ukrainaning Rossiya dizel zavodlariga uyushtirgan hujumlaridan noroziligini bildirgan edi. Ushbu hujumlar energetika narxlarining oshishiga sabab bo'lgani aytilmoqda. Hozircha Ilon Mask, SpaceX kompaniyasi va Oq uy mazkur xabarlarga nisbatan rasmiy munosabat bildirmagani ta'kidlanmoqda.
Source: www.dw.com