Iroq bosh vaziri Ali az-Zaydiy Damashq shahriga rasmiy tashrif bilan kelib, Suriya rahbari Ahmad ash-Shara bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu Bashar Asad hokimiyati qulagandan buyon Iroq hukumat rahbarining Suriyaga amalga oshirgan ilk tarixiy tashrifi bo‘lib, mintaqadagi yangi siyosiy voqeliklar fonida yuz bermoqda.
Rasmiy Iroq axborot agentligi (INA) tarqatgan ma'lumotlarga ko‘ra, muzokaralar davomida ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy va neft sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Xususan, yetakchilar Iroq neftini Baniyas quvuri orqali eksport qilish, savdo hajmini oshirish hamda oziq-ovqat va iqtisodiy integratsiyaga erishish uchun qishloq xo‘jaligi sektorini birgalikda rivojlantirish yo‘llarini ko‘rib chiqqanlar.
Ta'kidlanishicha, AQSh boshchiligidagi Eronga qarshi urush harakatlari boshlanganidan so‘ng, Iroq Suriya orqali cheklangan miqdorda neft eksport qilishni boshlagani ma'lum qilingan edi. O‘tgan yilning iyul oyida esa ikki davlat Haditha-Baniyas neft quvurini tiklash bo‘yicha kelishuvlarga erishgandi. Shuningdek, loyihani amalga oshirish uchun Amerika neft giganti Chevron ham kiritilgan uchta kompaniya konsorsiumi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani xabar qilingandi.
Ali az-Zaydiy o‘z bayonotida Iroq va Suriya xalqlari "ikki davlatdagi yagona xalq" ekanini urg‘ulab, iqtisodiy, ijtimoiy, xavfsizlik va mintaqaviy muammolar yuzasidan o‘zaro pozitsiyalarni birlashtirish muhimligini iddao qildi. O‘z navbatida, Suriya rahbari Ahmad ash-Shara delegatsiya tashrifiga yuqori baho berib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni eng yuqori bosqichga olib chiqishdan manfaatdor ekanini ma'lum qildi.
Source: www.aljazeera.com