Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Eron janubidagi Minob shahrida joylashgan “Shajare Tayyibe” boshlang‘ich qizlar maktabi 28-fevral kuni, AQSh va Isroil Eronning harbiy obyektlariga keng ko‘lamli hujum boshlagan kuni, o‘qqa tutilgan. Eron rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar natijasida kamida 168 kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati maktab o‘quvchilari edi. CNN, New York Times, Reuters va BBC News o‘tkazgan chuqur tergov va tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bu zarba ehtimol AQSh harbiy kuchlari tomonidan berilgan.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, geolokatsiyali videolar va ekspertlar xulosalari maktabga zarba berilgan vaqtda yaqin atrofdagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) harbiy-dengiz bazasiga ham AQSh tomonidan hujum qilinganligini ko‘rsatadi. CNN va NYT o‘z hisobotlarida tutun bulutlari bir vaqtning o‘zida ham IIQK bazasi, ham maktab binosi ustidan ko‘tarilganini qayd etdi. 4-mart kuni olingan yangi sun’iy yo‘ldosh suratlarida IIQKning kamida oltita binosi va maktabga ko‘plab aniq zarbalar berilgani ko‘rinadi.

Dastlab internetda maktabga Eronning havo hujumidan mudofaa raketasi xatolik bilan tushgani haqidagi taxminlar tarqalgan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham javobgarlikni Eron zimmasiga yuklagan. Biroq, Qurolli tadqiqotlar xizmati (ARES) direktori N.R. Jenzen-Jonsning ta’kidlashicha, binolardagi shikastlar “ishdan chiqqan zenit raketalari” bilan emas, balki yuqori aniqlikdagi aviatsiya o‘q-dorilari bilan bog‘liq. Uning fikricha, AQSh harbiy-dengiz bazasiga hujum paytida maktab endilikda IIQK majmuasining bir qismi emasligini bilmasdan yoki ma’lumotlarni yangilamay, bexosdan ushbu obyektga zarba bergan.

NYT ommaviy sun’iy yo‘ldosh suratlarida binoning maktabga xos belgilari, jumladan sport maydonchasi va dam olish hududlari borligini qayd etdi. Davlat departamentining sobiq xodimi Bet Van Shaakning ta’kidlashicha, “AQSh razvedkasining imkoniyatlarini hisobga olsak, ular yaqin atrofda maktab borligini bilishlari kerak edi”. AQSh o‘z aloqadorligini rasman tasdiqlamagan yoki inkor etmagan, ammo rasmiylar avvalroq Eron janubidagi harbiy nishonlarga zarbalar berganini ma’lum qilgan.

8-martda Eronning Mehr agentligi Minobdagi IIQK bazasi hududiga raketa qulashi aks etgan yangi videoni e’lon qildi. Ekspertlar videodagi o‘q-dorining AQShning Tomahawk raketasiga mos kelishini ta’kidladilar. CNN, NYT va BBC News tomonidan o‘tkazilgan videotahlil shuni ko‘rsatdiki, zarbaning eng ehtimolli nishoni IIQK bazasi hududidagi tibbiyot klinikasi bo‘lgan, ammo maktabga zarba biroz oldinroq berilgan. AQShning NBC News telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, ma’muriyat a’zolari Kongressga yopiq eshiklar ortida Minobdagi zarbalarni AQSh harbiylari berganini aytgan, lekin maktabga kim zarba berganligi haqida muqobil taxmin ilgari surmagan.

Source: www.gazeta.uz