New York Times gazetasining tergov natijalariga tayangan holda bergan xabariga ko‘ra, AQSh harbiylari tomonidan Eronning janubiy qismidagi boshlang‘ich maktab binosiga berilgan “Tomagavk” (Tomahawk) raketa zarbasi natijasida kamida 168 kishi, asosan maktab o‘quvchi qizlari halok bo‘lgan. Tergov shuni ko‘rsatdiki, bu hodisa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bazasiga hujum qilish maqsadida amalga oshirilgan, ammo nishon aniqlashda jiddiy xatolar sodir etilgan.
Manbalarning ta’kidlashicha, AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ofitserlari nishon koordinatlarini belgilashda Pentagon Razvedka boshqarmasi (DIA) tomonidan taqdim etilgan eskirgan ma’lumotlardan foydalangan. DIA maktab binosini harbiy nishon sifatida ko‘rsatgan, bu esa zarba uchun asosiy sabab bo‘lgan. NYT suhbatdosh bo‘lgan rasmiy shaxslar ushbu xulosalar dastlabki ekanini va nima sababdan eskirgan ma’lumotlar qayta tekshirilmagani bo‘yicha muhim savollar ochiq qolayotganini ta’kidlagan.
Nashrning yozishicha, “Bolalar bilan to‘la maktabga qilingan hujum, shubhasiz, tarixga so‘nggi o‘n yilliklardagi eng vayronkor harbiy xatolardan biri sifatida kiradi”. Harbiy nishonlarni tanlash ko‘plab idoralar ishtirok etadigan murakkab jarayon bo‘lib, unda Markaziy qo‘mondonlik ofitserlari razvedka ma’lumotlarini qayta tekshirishga majbur, ammo urushning dastlabki kunlaridagi tez o‘zgaruvchan vaziyatda ma’lumotlarni doim ham verifikatsiya qilishga ulgurilmaydi.
Tergovchilar, boshqa organlar bilan bir qatorda, potensial nishonlarning sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlari uchun mas’ul bo‘lgan Milliy geofazoviy razvedka agentligi (NGA) faoliyatini ham o‘rganmoqda. Minob shahridagi “Shadjare Tayebe” qizlar maktabi 28-fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushining birinchi kunida zarbaga uchragan. Bir qator xorijiy OAV tahlillari shuni ko‘rsatdiki, maktab yaqinidagi IIQK bazasiga AQShning Tomahawk raketasi bilan zarba berilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp dastlab zarba uchun javobgarlik Eron zimmasida ekanini da’vo qilgan edi, biroq keyinroq bu haqda “yetarlicha bilmasligini” va hisobot xulosalarini “qabul qilishga tayyorligini” bildirgan. Bu bayonotlar AQSh rejimining javobgarlikdan qochishga urinishlarini ko‘rsatadi, chunki tergov natijalari ularning harbiy xatolari aniqligini tasdiqlaydi.
Source: www.gazeta.uz