Eronning yangi oliy rahbari Mojtaba Homeneiy jarohat olgan, biroq uning hayotiga hech qanday tahdid yoʻq. Bu haqda Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Esmoil Bagʻai Italiyaning Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Diplomatning soʻzlariga koʻra, Homeneiy "jarohatlangan, lekin oʻzini yaxshi his qilmoqda". Shu bilan birga, uning birinchi omma oldidagi chiqishining aniq sanasi hali nomaʼlum. Bagʻai taʼkidlashicha, oliy rahbar lavozimiga "uch yoki toʻrt kishi" daʼvogarlik qilgan, ammo Ekspertlar kengashining aksariyat aʼzolari Mojtaba Homeneiyning nomzodini qoʻllab-quvvatlagan.
Mojtaba Homeneiy oliy rahbar etib 8-mart kuni saylangan. Uning jarohatlanganligi haqida 11-mart kuni The New York Times gazetasi Eron rasmiylariga tayanib xabar bergan. Nashrning manbalariga koʻra, u Isroil va AQSh tomonidan amalga oshirilgan hujumlarning birinchi kunida jabrlangan. Uning oyoqlarida jarohatlar tashxis qilingani, CNN telekanali esa oyoq singan boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan.
Mojtaba Homeneiy otasi, oyatulloh Ali Homeneiy vafotidan keyin Eronga rahbarlik qilmoqda. Oldingi oliy rahbar 28-fevral kuni Isroilning Tehron shahriga qilgan zarbalaridan soʻng halok boʻlgan. Shu paytda uning oila aʼzolaridan bir nechtasi — qizi, kuyovi, nabirasi va kelini ham vafot etgan. Oyatullohning rafiqasi jarohatlaridan bir necha kun oʻtib vafot etgan.
Ilgari The Wall Street Journal gazetasi yozganidek, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yangi rahbarini yoʻq qilishni qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Trampning oʻzi ham vafot etgan Homeneiyning oʻgʻlining saylanishidan noroziligini ochiq bildirgan.
Source: kun.uz