O‘zbekistonda fevral oyi yakunlariga ko‘ra, barcha turdagi avtotransport vositalari savdosining umumiy hajmi 84,2 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga oshganligini ko‘rsatadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil bozoridagi faollik ham o‘sishni davom ettirmoqda.
Avtomobil savdosi fevral oyida yanvarga nisbatan 2 foizga o‘sib, taxminan 1,6 ming donaga ko‘paygan. Eng katta o‘sish Samarqand viloyatida kuzatilib, bu yerda savdo hajmi 65 foizga oshdi. Sirdaryo viloyatida esa 7,2 foizga, Toshkent viloyatida 12 foizga o‘sish qayd etildi.
2026-yil fevral oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi taxminan 24 ming donani tashkil etib, joriy yilning yanvar oyi darajasiga mos keldi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan savdo hajmi 10,7 foizga oshdi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida ham o‘sish qayd etilib, savdo hajmi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 1,5 barobarga oshib, taxminan 3 ming donani tashkil etdi.
Yengil elektromobillar segmentida faollik barqaror o‘sishni davom ettirmoqda. Fevral oyida savdo hajmi 6,9 ming donani tashkil etib, bu o‘tgan oyga nisbatan 14 foizga ko‘p. Yillik hisobda elektromobillar savdosi 1,5 barobarga oshgan. Elektromobillar savdosining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi, fevral oyida poytaxtda taxminan 4,5 mingta elektromobil sotilgan bo‘lib, bu ushbu segmentdagi umumiy savdo hajmining qariyb 65 foizini tashkil etadi.
Source: www.gazeta.uz