O‘zbekiston hukumati 28-fevraldagi qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritdi. Unga ko‘ra, poytaxtning umumiy maydoni 2311,4 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida 31 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu loyihalar orasida Chilonzor tumanida joylashgan Beshyog‘och bozori hududi ham bor, u yerda qiymati 461 million dollarlik zamonaviy ko‘p xonadonli turar joy majmuasi, maishiy xizmat ko‘rsatish, mehmonxona va ijtimoiy obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Bozor hududida qurilish bo‘lishi haqida avval ham ma’lumotlar tarqalgan, jumladan, 2025-yil yanvar oyida Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi bu yerda yirik biznes markazi qurishni taklif qilgandi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng tuman hokimligi loyiha faqat muhokama bosqichida ekanini ta’kidlagan edi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi esa endi Toshkentda barcha qurilishlarga tasdiqlangan Bosh rejaga muvofiq ruxsat berilishini, bu rejaga ko‘ra Beshyog‘och hududida 9 qavatgacha bino qurilishi belgilanganini qayd etdi.
Beshyog‘och bozori Toshkentning qoq markazida, Furqat va Beshyog‘och ko‘chalari chorrahasida joylashgan bo‘lib, havorang gumbazli darvozasi, pishgan g‘ishtdan qurilgan binolari va ko‘k mozaika naqshlari bilan tarixiy ansamblga xosdir. Bozor atrofida 1930-yillarda qurilgan turar joy binolari mavjud, ammo savdo-sotiq ishlari kechadigan asosiy hududi ancha qarovsiz holatga kelib qolgan. Hududga tutash klassik ustunlarga ega bino esa shaharning tashrif qog‘ozi hisoblanadi.
Bozorga tutash hududda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi qoidabuzarlar avtomobillari uchun jarima maydoni sifatida foydalanib kelgan, turar-joy binolari orqasidagi hudud esa aholi avtomobillari uchun avtoturargoh bo‘lib xizmat qilgan. Endilikda, Bosh rejaga muvofiq, bu tarixiy bozor o‘rnida 9 qavatgacha bo‘lgan yangi binolar qurilishi mumkin, bu esa hududning an’anaviy ko‘rinishini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz