Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari 10-mart kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida odamlarni do‘pposlab, ko‘cha bezoriligi bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruhni fosh etdi. Guruh yetakchisi sifatida Asaka tumanida tug‘ilgan 31 yoshli Ismoilov Muhammadumar Baxtiyor o‘g‘li (laqabi “Umar”) ko‘rsatilgan, u muqaddam Jinoyat kodeksining 277-(Bezorilik), 110-(Qiynash), 112-(O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 137-(Odam o‘g‘irlash) moddalari bilan sudlangan.
Guruhning sherigi Izboskan tumanida tug‘ilgan 33 yoshli Ergashev Elmurod Begijon o‘g‘li (laqabi “Elmish”) bo‘lib, u muqaddam Jinoyat kodeksining 104-(Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 166-(Talonchilik), 168-(Firibgarlik), 266-(Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 277-moddalari (Bezorilik) bilan sudlangan. Ushbu shaxslar o‘zlarini qonundan ustun qo‘yib, jamiyatdagi yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan, fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazib kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar Andijon shahridagi “Gaga” nomli kafeda pul evaziga fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizolarni “ko‘cha yechimi” tarzida hal qilib bergan. Xususan, 23-fevral kuni ular ushbu kafega kelib, xodimlarni haqorat qilgan va 19 yoshli yigitni urib, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, ular o‘zlariga tanish bo‘lgan 33 yoshli fuqaroni kafega chaqirib, janjal chiqargani va uni kafe xonalaridan biriga olib kirib do‘pposlagani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa olingan, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu guruh harakatlaridan jabrlangan yoki ularning noqonuniy faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarni ishonch telefon raqamlari orqali murojaat qilishga chaqirdi, shaxsning sir saqlanishi kafolatlangan.
Andijon viloyatida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktik tadbiri doirasida uyushgan jinoyatchilikka qarshi qaratilgan tezkor tadbirlar davom etmoqda. Prezident avvalroq og‘ir jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy uyushma tuzganlik uchun javobgarlikni belgilash bo‘yicha takliflarni ma’qullagan, shuningdek, bezorilik uchun jazoni kuchaytirish va jangovar sport turlari bo‘yicha noqonuniy musobaqalarda qatnashganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish belgilangan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda 45 ta uyushgan jinoiy guruh aniqlandi, 116 ta tovlamachilik, 315 ta qurolni noqonuniy saqlash, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi va 790 ta fohishaxona saqlash holatlari fosh etildi, qidiruvda bo‘lgan 533 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Source: www.gazeta.uz