Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston va Qozog‘istonda suratga olingan “Amir Temur” tarixiy filmining premerasi 2-aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda loyiha ijodkorlari xabar berdi. Film XIV asr o‘rtalarida Mo‘g‘ullar imperiyasi qulaganidan so‘ng, Buyuk Ipak yo‘li mintaqasidagi siyosiy beqarorlik davrini tasvirlaydi. Syujet markazida shaxsiy yo‘qotishlar va og‘ir jarohatdan so‘ng hokimiyat uchun kurash boshlab, raqiblariga qarshi turgan yosh Temur obrazi turadi.

Film 16+ yosh chegarasiga ega tarixiy harbiy epos sifatida taqdim etilmoqda va Mystery Box xalqaro prodakshn kompaniyasi tomonidan suratga olingan. Bosh rolni aktyor Kristian Mortensen ijro etgan, u shuningdek loyiha prodyuseri bo‘lib ishlagan. Mortensen London sahnalaridagi Shekspir spektakllari va “Medal of Honor: Warfighter” loyihasidagi rollari bilan tanilgan va barcha tryuklarni mustaqil ravishda o‘zi bajargan.

Amir Temurning rafiqasi O‘ljay rolini taniqli o‘zbek aktrisasi Yulduz Rajabova ijro etgan. Filmda, shuningdek, “Vedmak” serialidagi Vilgefors va “Marko Polo”dagi Ahmad rollari orqali mashhur bo‘lgan Maxesh Jadu (Amir Husayn rolida) hamda Amir Husaynning rafiqasi Saroy Mulk xonim rolida mo‘g‘ul aktrisasi Dulguun Odxu suratga tushgan. Ikkinchi darajali rollarda Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan aktyorlar, jumladan Jandos Aybasov, Yerkebulan Dayыrov va Sanjar Madi ishtirok etgan.

Film rejissyori Jeykob Shvars bo‘lib, u bungacha “Iron Cowboy” va “The Chosen” seriali ustida ishlagan. Ijroiya prodyuser va ssenariy hammuallifi sifatida “Kinoscopia Production” kompaniyasi asoschisi Behruz Hamzayev ishtirok etgan. Tryuklar sahnalashtirilishi bilan “Mulan”, “Marko Polo” va “The Expendables 2” kabi filmlarni yaratishda qatnashgan “Nomad Stunts” jamoasi shug‘ullangan.

Matbuot xabariga ko‘ra, filmni namoyish etish huquqi allaqachon 120 dan ortiq mamlakat va mintaqalarga sotilgan. Ular qatorida MDH davlatlari (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus), Yaqin Sharq (BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va boshqalar), Yevropa (Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Turkiya), Osiyo (Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston), shuningdek, Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari bor. Film ijodkorlari ta’kidlaganidek, ushbu kartina “Gladiator”, “Sheryurak”, “So‘nggi samuray”, “Qirol nutqi” kabi tarixiy eposlarning an’analarini davom ettiradi.

Source: www.gazeta.uz