O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazining faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbari bundan oldin kombinatdagi 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etgan edi. Markaz kombinatning 1-, 2- va 3-mis boyitish fabrikalaridagi ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, samaradorlikni oshirish va uzluksiz monitoringni ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Markazda raqamli boshqaruv tizimlari, katta ekranli monitoring panellari, videokuzatuv vositalari, shuningdek, Siemens PCS 7 va AVEVA PI Vision platformalari orqali maydalash, flotatsiya, quyultirish, filtrlash, reagentlar bilan ta’minlash, texnologik suv ta’minoti, sexlar va transport tizimi faoliyati real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda. 20 mingdan ziyod uskuna yagona axborot tizimiga ulangan bo‘lib, “aqlli” kameralar orqali dastlabki monitoring amalga oshiriladi, sun’iy intellekt yordamida esa anomal holatlar avtomatik tarzda aniqlanadi.
Prezident markaz faoliyati bilan tanishar ekan, sun’iy intellekt orqali, ayniqsa, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligini ta’kidladi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbariga kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yanada raqamlashtirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.
Taqdimotda aytilishicha, kondan ma’dan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kelgusi besh yilda har bir bosqichga sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbariga 80 yil davomida to‘plangan geologik va marksheyderlik ma’lumotlari asosida konlarni raqamlashtirish ishlarining borishi haqida ham axborot berildi.
Prezident patent ishlari ko‘lamini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. U fabrikadagi har bir bosqichda qo‘llanilayotgan ilmiy-texnologik yechimlarni patentlash, bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli innovatsion yo‘nalishlarni belgilab olish zarurligini aytdi. Qayd etilganidek, yangi patent bu — yangi texnologiya, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishi va yangi bozorlar, demak.
Source: www.gazeta.uz