Toshkent—Angren—Qamchiq dovoni yo‘nalishida 171 km uzunlikdagi muqobil pullik avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining “Avtoyo‘linvest” agentligi direktor o‘rinbosari Asliddin Isayevning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusiga ko‘ra, loyiha 3,66 mlrd dollarga baholanmoqda. Bu mamlakatning eng yirik strategik infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanib, umumiy uzunligi 314 kilometrni tashkil etadi.
Birinchi bosqichda Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi 171 kmlik yo‘l quriladi, uning 33 km qismi yangi tunnellardan iborat bo‘ladi. Isayevning aytishicha, bu tunnel Markaziy Osiyodagi eng yirik tunnellardan biri bo‘lib, to‘rt polosali va 120–150 km/soat tezlikka mo‘ljallangan. Hozirgi kunda Toshkent bilan Farg‘ona vodiysi o‘rtasidagi safar vaqti 5–5,5 soatni tashkil etsa, yangi yo‘l qurilgandan keyin bu vaqt 2–2,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda, loyihalashtirish va tender jarayonlari uchun Arup xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilingan. Isayevning ma’lum qilishicha, tender jarayonlari yakuniga yetkazilmoqda va joriy yilda amaliy ishlar boshlanishi rejalashtirilgan. Fransiya, Turkiya va Xitoyning yirik investitsiya kompaniyalari ham loyihaga qiziqish bildirmoqda.
Yangi trassani qurishning asosiy maqsadlaridan biri yo‘l harakati xavfsizligini oshirishdir. Isayev ta’kidlaganidek, loyiha noqulay ob-havo sharoitlarida ham avtomobil yo‘lini to‘liq foydalanishga tayyor holatda qilishga qaratilgan. Pullik yo‘ldan yillik daromad 465 mln dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda, bu esa loyihani taxminan 8 yil ichida qoplash imkonini berishi mumkin.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning ma’lum qilishicha, Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi 6 yil 3 oyni tashkil etadi. Yo‘lning 64 foizi yangi quriladi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinadi. Uzunligi 314 km bo‘lgan I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi. Loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda Toshkent-Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon (143 km) uchastkalari quriladi. Angren va Pop tumanlari o‘rtasidagi qismi relef bo‘yicha eng qiyin hisoblanadi va loyiha davlat-xususiy sheriklik formatida amalga oshirilmoqda.
Source: www.gazeta.uz