Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

23-fevral kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida qatnashgan 39 yoshli fuqaro R.E.ga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi 2024-yil sentabrida ish izlab Rossiyaga borgan va Krasnodar viloyatida qurilish ishida band bo‘lgan. Uning aytishicha, o‘sha yilning oktabr oyida tanishi uni yuk tashuvchi mashina haydovchisi sifatida ishga taklif qilgan, ammo keyinchalik bu aldov ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Sudlanuvchi sudda bergan ko‘rsatmasida, rus tilini yaxshi bilmasligi sababli unga ko‘rsatilgan shartnoma va hujjatlarga imzo chekkanini aytdi. Keyin uni Moskvaga olib borishgan, u yerda rus millatiga mansub shaxslar bilan gaplashib, yana bir qator hujjatlarga imzo qo‘ydirilgan. Shundan so‘ng u Rostov viloyatiga yuborilgan, avtobusda 20 nafardan ortiq o‘zbek, qozoq, arab, tojik va rus millatiga mansub yigitlar bilan birga bo‘lgan. Ular “Avangard” nomli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan joyga olib borilgan.

R.E.ning so‘zlariga ko‘ra, u yerda tanishi uni haydovchilik shartnomasi deb aldab, aslida Rossiya Qurolli kuchlari tarkibiga yollanish bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘ydirgan. U 10 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, avtomatdan otish va harbiy mashqlarni bajargan. 2024-yil 23-noyabrda Rossiya armiyasida xizmatga qabul qilinib, oddiy askar unvoni berilgan. Shartnomaga ko‘ra, unga 2 million rubl berilgan, bu mablag‘ni turmush o‘rtog‘ining bank kartasiga o‘tkazishgan. Keyin uni Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Tokmak shahriga yuborishgan.

Sudlanuvchi aytganidek, Tokmak shahri Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan bo‘lib, u yerda mudofaa ishlarida qatnashgan, harbiy chaylalar qurib, okoplar qazigan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shilgan safdorlarning ko‘pchiligi harbiy harakatlar vaqtida o‘lib ketgan, bu holatlarni ko‘rib qo‘rqib, Telegram orqali turmush o‘rtog‘iga aloqa o‘rnatib, vaziyatni aytgan. Turmush o‘rtog‘i O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.

Sudda guvoh sifatida so‘roq qilingan sudlanuvchining ukasi M.E. 2025-yil yanvar oylarida akasi bilan gaplashganida, uning bir shaxs aldovi bilan Rossiya Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shilib qolganini aytganini bildirgan. Ukasi unga armiyadan chiqib O‘zbekistonga qaytishni taklif qilgan, ammo sudlanuvchi shartnoma muddati tugamasdan chiqishga ruxsat berilmasligini aytgan. Shartnoma 2025-yil 24-noyabrda tugagan, shundan so‘ng u Moskva orqali O‘zbekistonga jo‘natilgan va Farg‘ona aeroportida ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Sudlanuvchi sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini aytib, qonuniy yengillik berishni so‘radi. Sud hukmida uning aybiga iqror bo‘lgani, pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani, oilada yagona boquvchi ekanligi va voyaga yetmagan farzandlariga qaramligi jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida qayd etilgan.

Shu asosda sud R.E.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi bilan aybli deb topib, JKning 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘talishi belgilandi.

Source: www.gazeta.uz