Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Adliya vazirligi 16-mart kuni ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibini belgilovchi nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ushbu nizom 1-apreldan kuchga kiradi va uy-joy qurilishiga investitsiya kiritish shartnomalari asosida rasmiylashtiriladigan oldi-sotdi shartnomalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Hujjatga ko‘ra, bunday shartnomalar bo‘yicha hisob-kitoblar eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi. Xaridor yoki uning vakili bankda hisobvaraq ochib, unga kelishilgan summani naqd yoki naqdsiz shaklda kiritishi kerak. Agar to‘lovni kechiktirish nazarda tutilgan bo‘lsa, kelishilgan boshlang‘ich to‘lov kiritiladi. Mablag‘lar sotuvchiga faqat shartnoma notarius tomonidan tasdiqlangandan keyin o‘tkaziladi.

Nizomga ko‘ra, notariuslar shartnomani tasdiqlashdan oldin avtomatlashtirilgan tizim orqali eskrou hisobvaraqda mablag‘ mavjudligini tekshirishi shart. Agar hisobvaraqda mablag‘ bo‘lmasa yoki u yopilgan bo‘lsa, notarius shartnomani tasdiqlashni rad etishga haqli. Shartnoma tasdiqlanganidan so‘ng notarius bankka elektron xabarnoma yuboradi. Shu asosda mablag‘lar avtomatik tarzda o‘sha kuni sotuvchiga o‘tkaziladi. Agar ma’lumot ish kuni tugaganidan keyin kelib tushsa, mablag‘lar keyingi ish kunida o‘tkaziladi.

Hujjatda eskrou hisobvaraqlarini banklarning mobil ilovalari orqali ochish va yuritish, shuningdek mijozning mavjud hisobvaraqlaridan (karta hisobvaraqlari, talab qilib olinguncha hisobvaraqlar yoki elektron hamyonlar) foydalanish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Shartnoma kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilganda, kredit beruvchi bank bu haqda notariusni xabardor qiladi. Shartnoma tasdiqlangandan so‘ng mablag‘lar sotuvchiga o‘tkaziladi. Zarur hollarda mablag‘lar oluvchining so‘roviga ko‘ra naqd shaklda ham berilishi mumkin.

Adliya vazirligi va Markaziy bank mazkur nizom talablarining ijrosini doimiy monitoring qilib boradi. Belgilangan normalar buzilgan taqdirda qonunchilikka muvofiq javobgarlik nazarda tutilgan. Nizomda, shuningdek, banklar tomonidan “Notarius” tizimiga taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati ham tasdiqlangan: taraflarning familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari, JSHSHIR (yoki yuridik shaxslar uchun nomi va STIR), obyekt va shartnoma summasi haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.

O‘z navbatida, notariuslar banklarning elektron tizimlariga shartnoma haqidagi ma’lumotlarni yuboradi. Ularga shartnomaning reyestr raqami, ro‘yxatdan o‘tkazilgan sana va vaqt, shuningdek bitim tuzilgan yoki tuzilmagani haqidagi belgi kiradi. Agar mablag‘lar bir nechta sotuvchilarga yoki ularning vakillariga o‘tkaziladigan bo‘lsa, har bir sotuvchi yoki ularning vakillari bo‘yicha ma’lumotlar yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan 2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk va transport vositalari bilan bog‘liq bitimlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Qiymati 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan tovarlar va xizmatlar, benzin sotib olish va boshqalar uchun to‘lovlar ham naqd pulsiz shaklga o‘tkaziladi.

Source: www.gazeta.uz