16-martdan boshlab, O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi “Yallama” bojxona postida avtotransport vositalari uchun navbatlarni boshqarishning yangi elektron tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi. Davlat bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bu tizimni joriy etish uchun postga tutash hududda zarur infratuzilma yaratilgan bo‘lib, hozirda ushbu post orqali O‘zbekistondan kuniga o‘rtacha 500–600 ta avtotransport vositasi chiqadi.
Yangi tizim haydovchilarga “E-navbat” mobil ilovasi orqali chegara bojxona postiga kelmasdan turib elektron navbat olish imkonini beradi. Shuningdek, ular postdagi mavjud navbatlar haqida onlayn ma’lumot bilan tanishishi mumkin. Qo‘mita ta’kidlashicha, bu chegara o‘tkazish punktlari oldida avtotransport vositalari tirbandligining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur yangilik Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali jismoniy shaxslar harakatlanishi hamda ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib o‘tish jarayonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi 44-sonli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan. Qarorga muvofiq, “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi harakatlanish oqimidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich barcha chegara o‘tkazish punktlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi transport-logistika tizimini rivojlantirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida yuk tashishda elektron navbat tizimi ishga tushirilishi belgilangan edi. Avvalroq “Elektron navbat” tizimi birinchi bo‘lib Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan “Navoiy” postida ishga tushirilgan edi.
2025-yil avgustida O‘zbekistondagi qator chegara bojxona postlariga yengil avtotransport vositalarini skaner qiluvchi zamonaviy inspeksion ko‘rik majmuasi — Z portal qurilmasi o‘rnatilayotgani xabar berilgan edi. Dastlab bunday qurilma “G‘ishtko‘prik” postiga, so‘ng “Navoiy” postiga o‘rnatilgan, bu chegara nazoratini yanada samaraliroq qilishga qaratilgan.
Source: www.gazeta.uz