Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyatorning matbuot xizmati xabar berishicha, bu qaror inflyatsiya bosimlarini nazorat qilish va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi fonida umumiy inflyatsiyaning pasayishi sekinlashgan. Fevral oyida umumiy inflyatsiya 7,3 foiz, bazaviy inflyatsiya esa 6,3 foizni tashkil etdi, bu mavsumiy omillarning kuchsizlanishiga qaramay sezilarli o‘zgarishsiz qoldi. Oziq-ovqat narxlarining o‘sishi aholining yuqori inflyatsion kutilmalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Iqtisodiyotda yalpi talab hisobiga faollik yuqori darajada saqlanib, bu chakana va ulgurji tovar aylanmasining o‘sishi, ko‘chmas mulk bitimlari sonining ko‘payishi va budjet xarajatlarining faol bajarilishida namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar narxlarining sezilarli o‘sishi kuzatilib, kelgusi davrlarda bu xarajatlarning yakuniy narxlarga o‘tishi va iste’mol narxlariga ta’sir qilishi ehtimoli mavjud.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar orqali energiya resurslari va oziq-ovqat narxlarining o‘sishiga, shuningdek, logistika xarajatlarining ortishiga olib kelishi mumkin. Bu esa import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosimlarni keltirib chiqarishi mumkin. Biroq, asosiy savdo hamkorlari valyutalarining barqarorligi, oltin narxining yuqori darajada saqlanishi va eksport tushumlarining o‘sishi milliy valyutaga sezilarli bosimlarni oldini olmoqda.

Markaziy bank qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarurligini ta’kidlab, inflyatsiya dinamikasi, kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatishini bildirdi. Agar inflyatsiya maqsadli 5 foizlik darajaga kechikib erishsa, pul-kredit sharoitlari yanada qat’iylashtirilishi mumkin. Asosiy stavkaning keyingi ko‘rib chiqilishi 2026-yil 29-aprelga belgilangan.

Source: www.gazeta.uz