O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, vazirlik harbiy xizmatchilari 16-18-mart kunlari AQShning Missisipi shtatidagi Camp Shelby harbiy-o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan “Eng ilg‘or jangchi-2026” xalqaro musobaqasida ishtirok etgan. Musobaqa xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus bo‘linmalar nufuzini oshirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda kichik serjant Ilhom Salomov va III-darajali serjant Turdimurod Avlayev AQSh Milliy gvardiyasining maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan bellashgan.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilar jismoniy tayyorgarlik sinovlari (8 ta mashqdan iborat fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarni yechishga qaratilgan majmuaviy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 km masofaga oriyentirlash, 20 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish, artilleriya olovini boshqarish, NATO namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, turli usul va sharoitlarda o‘q otish kabi qiyin vazifalarni bajarishgan.
Shuningdek, ular jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘zli insho yozish, tibbiy tayyorgarlik, nom’alum hududga vertolyot aviatsiyasini chaqish va uning yordamida obyektga yetib borib arqon yordamida tushish hamda kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi 13 ta shartda muvaffaqiyatli qatnashgan. Jamoaviy bahsda 20 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 48 daqiqada bajarishgan.
Yakka tartibdagi bahslarda Turdimurod Avlayev majmuaviy to‘siqlar yo‘lagini 10 daqiqa 34 soniyada, Ilhom Salomov esa tunda 15 km masofaga oriyentirlash shartini 59 daqiqada bajarib, musobaqa rekordlarini yangilagan. E’tiborli jihati shundaki, ular barcha shartlarda rekord o‘rnatishga muvaffaq bo‘lishgan.
Yakunda harbiy xizmatchilar musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlandi. Xabarda aytilishicha, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019-yildan beri ushbu musobaqada muntazam ishtirok etib, har safar mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Bu O‘zbekistonning harbiy sohadagi xalqaro hamkorligi va tayyorgarlik darajasini ko‘rsatuvchi muhim voqea hisoblanadi.
Source: www.gazeta.uz