Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev AQShning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fick bilan muzokara olib bordi. Uchrashuvda o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartibi va istiqbollari muhokama qilindi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShdagi o‘zbekistonliklar uchun ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha buyrug‘iga amal qilish doirasida amalga oshirilgan.

Kelishuvga ko‘ra, fuqarolar ish davomiyligi 9–10 oy (mavsumiy), ish haqi oyiga o‘rtacha 3500 dollar bo‘lgan ishga yuborilishi mumkin. Ularga turar joy ish beruvchi tomonidan bepul beriladi, malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi. USA Farm Labor 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida Qo‘shma Shtatlardagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga xorijiy ishchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi va hozirda Shimoliy Amerika hududida 1400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik shartnomasiga ega.

Uchrashuv yakunida o‘zaro kelishuv imzolandi hamda hamkorlikni keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olindi. O‘zbekistonning AQShdagi elchisiga mamlakatni AQShga mavsumiy ishchilar sifatida jalb qilinishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasi yuklatilgan, bu esa kelajakda hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini ochib beradi.

Source: www.gazeta.uz