Toshkent shahri prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar O‘rmonov 18-fevral kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining sessiyasida poytaxtdagi kriminogen vaziyat haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda Toshkentda 30,6 mingta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, bu avvalgi yildagi 32,1 mingta ko‘rsatkichga nisbatan 4,7 foizga kamaygan. Biroq, jinoyatlarning umumiy soni kamayganiga qaramay, kiberjinoyatlar ulushi sezilarli darajada oshgan: barcha huquqbuzarliklarning yarmidan ko‘pini, ya’ni 16,25 mingtasini axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar tashkil etmoqda.
Prokuratura huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jinoyatchilik sabablarini chuqur tahlil qilish va xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi. Asosiy e’tibor jinoyatchilikning real darajasini aniqlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan. Prezidentning 2025-yil 3-yanvardagi qarori ijrosi doirasida poytaxt mahallalarida ishlar kuchaytirilgan, vaziyat eng murakkab bo‘lgan 108 ta hududga (70 ta “qizil” va 38 ta “sariq” toifadagi) davlat organlari rahbarlari biriktirilgan va hududiy prokuraturalar qoshida shtablar tashkil etilgan.
Idoralararo shtab xodimlari “yo‘l xaritalari” ijrosini, jumladan, hisobotlarning haqqoniyligini va ularning yagona elektron tizimga kiritilishini nazorat qilmoqda. O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida jinoyatlarni yashirish holatlari aniqlandi: jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi 954 ta noqonuniy qaror (537 tasi idora, 417 tasi tuman darajasida) bekor qilinib, ular bo‘yicha keyinchalik jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ularning 23 tasi og‘ir jinoyatlar toifasiga kiradi, yana 3 ta holat esa ro‘yxatga olmasdan yashirish bilan bog‘liq.
Kiberjinoyatchilikka alohida e’tibor qaratilmoqda: oxirgi besh yil ichida bu turdagi jinoyatlar soni 164 baravarga ortgan. Shu munosabat bilan Toshkent shahri prokuraturasi tomonidan bunday jinoyatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha to‘rtta taklif ishlab chiqilgan. Ushbu takliflar Bosh prokuraturaga yuborildi va qonunchilik tashabbusi doirasida qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, E-material tizimida jinoyatlar haqidagi arizalarning ro‘yxatga olinishi, ularning xolis tekshirilishi va o‘z vaqtida qonuniy qarorlar qabul qilinishi ustidan nazorat ta’minlangan.
Prezident 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda huquqni muhofaza qilish organlarining kiberjinoyatchilik, uyushgan jinoyatchilik va firibgarlikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatini tanqid qilib, tizim mavjud tahdidlarga qarshi yetarlicha samara bermayotganini aytgandi. Bundan tashqari, davlat rahbari Ichki ishlar vazirligi tizimidagi 186 mlrd so‘mlik mablag‘ talon-toroj qilingani, buning oqibatida sobiq yuqori lavozimli amaldorlar qamoqqa olinganini eslatib o‘tdi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahri IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev hamda poytaxt prokurori v.b. Anvar O‘rmanovga hayfsan berilgan.
Source: www.gazeta.uz