Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

CRPT Turon, O‘zbekistonda mahsulotlarni raqamli markirovkalash va kuzatish milliy axborot tizimi operatori, ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi UzBev’ning 1-apreldan suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida agregatsiyani (guruhli qadoqlarni kuzatish) joriy etish bilan bog‘liq xatarlar haqidagi murojaatiga javob berdi. Kompaniya bayonotida UzBev tomonidan keltirilgan dalillar “xalqaro tajriba, bozorning real ehtiyojlari va ‘Raqamli O‘zbekiston — 2030’ dasturida belgilangan islohotlar maqsadlarini hisobga olgan holda yanada mas’uliyatli va chuqur ko‘rib chiqishni talab qiladi” deb ta’kidladi.

CRPT Turon barcha manfaatdor tomonlarni raqamli markirovkalash tizimini joriy etishning dastlabki bosqichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik va boshqa noqulayliklar ustida spekulyatsiya qilmaslikka, balki iqtisodiyot shaffofligi tamoyillarini birgalikda himoya qilishga va iste’molchilarning sifatli mahsulotga bo‘lgan huquqlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bayonotda UzBev ko‘targan barcha savollarga javob berilmaganligi ham qayd etildi.

Asl Belgisi tizimi yangi emas va noyob yechim hisoblanmaydi. O‘zbekiston ko‘p jihatdan allaqachon o‘zini oqlagan xalqaro modellarga tayangan. Masalan, AQShda Drug Supply Chain Security Act tizimi, Yevropa Ittifoqida EU Falsified Medicines Directive va EU Food Traceability System tizimlari, shuningdek, Rossiyaning “Chestnыy znak” tizimi ishlaydi. Shu tariqa, markirovkani joriy etish global trendning bir qismidir.

Amaliy ma’lumotlar va xalqaro tajriba raqamli markirovkaning tarmoq rivojini sekinlashtirmasligini, balki o‘sishiga xizmat qilishini ko‘rsatadi. 2025-yilda O‘zbekistonda ichimliklar ishlab chiqarish hajmi 29,3 trillion so‘mga yetgan, bu 2024-yilga nisbatan 9,9 foizga o‘sishni ko‘rsatadi va joriy etilayotgan mexanizmlarning salbiy ta’siri haqidagi tezislarni rad etadi.

Raqamli markirovkalash, avvalo, yashirin segmentga — kontrafakt mahsulotlar, yashirin import sxemalari va noinsof bozor ishtirokchilariga ta’sir qiladi. Natijada halol ishlab chiqaruvchilar yutadi, raqobat kuchayadi va iste’molchilar ishonchi oshadi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, markirovka joriy etilgandan keyin hech qanday mamlakatda mahsulot tanqisligi yuzaga kelmagan.

CRPT Turon ma’lumotlariga ko‘ra, agregatsiya barcha importchilar va aksariyat ishlab chiqaruvchilarda, jumladan Natural Juice, Marwin Brands, Hydrolife, Chortoq Mineral Water, Aqua Products va bozorning boshqa ishtirokchilarida joriy etilgan. Shu tariqa, agregatsiyalash texnik jihatdan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan va allaqachon ishlayotgan mexanizm hisoblanadi.

Suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiyalash va kuzatish tizimini joriy etish sanasi bir necha bor ko‘chirilgan: 2022-yil 1-dekabrdan 2026-yil 1-aprelgacha. Bu tizimning bozorning real sharoitlariga bosqichma-bosqich moslashtirilganini va ishtirokchilarga texnik tayyorgarlik uchun yetarli vaqt berilganini ko‘rsatadi. CRPT Turon ishtirokchilar uchun onlayn va oflayn seminarlar o‘tkazmoqda.

Bugungi kunda raqamli markirovkalash tizimi O‘zbekiston uchun ichki bozorni himoya qilish, shuningdek zamonaviy, shaffof va raqobatbardosh iqtisodiy muhitni shakllantirishning muhim omiliga aylanmoqda. Shu ma’noda suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovkalash — vaqtinchalik chora emas, balki bozorda sifat, xavfsizlik va ishonchni ta’minlashga qaratilgan strategik investitsiyadir.

Source: www.gazeta.uz