Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

JSST (Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti) va Yevropa Kasalliklar Nazorati Markazining (ECDC) 2026-yil uchun tayyorlangan yangi hisobotiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoni qamrab olgan keng mintaqada sil kasalligi bo‘yicha vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. Asosiy muammo shundaki, har besh nafar bemordan biri hali ham tashxissiz yoki ro‘yxatga olinmagan holda qolmoqda, bu esa infeksiyaning jamiyat orasida nazoratsiz tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. 2024-yilda ushbu mintaqadagi 51 ta davlatda rasmiy ravishda 161 569 ta sil holati qayd etilgan bo‘lsa-da, JSSTning haqiqiy hisob-kitoblariga ko‘ra, kasallanganlar soni 204 ming nafarga yaqin ekanligi aniqlandi.

Hisobotda eng xavotirli jihat sifatida doriga chidamli silning (MLU-TB) keng tarqalgani ta’kidlanadi. Ushbu mintaqada dori ta’sir qilmaydigan sil ko‘rsatkichlari dunyodagi o‘rtacha darajadan 7 baravar yuqori. Yangi aniqlangan holatlarning 23 foizida, avval davolangan bemorlarning esa 51 foizida eng asosiy sil dorisi bo‘lgan rifampitsinga chidamlilik mavjud. Bu dunyo miqyosidagi 3,2 va 16 foizli ko‘rsatkichlarga nisbatan keskin farq qiladi. Davolash samaradorligi ham pastligicha qolmoqda: yangi bemorlarning atigi 74 foizi, doriga chidamli sil bilan og‘riganlarning esa 66 foizi muvaffaqiyatli sog‘aymoqda. JSSTning maqsadi esa 90 foizli natijaga erishish hisoblanadi.

Geografik jihatdan sil va OIV infeksiyasining birga kechishi bo‘yicha asosiy yuk Rossiya (52%) va Ukraina (28%) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, qamoqxonalardagi vaziyat alohida xavf tug‘diradi: mahbuslar orasida sil yuqtirish ehtimoli oddiy aholiga nisbatan 13,2 baravar yuqori. Yevropa Ittifoqi davlatlarida esa har yili aniqlanayotgan bemorlarning 4,2 foizini 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda.

Hisobotda ta’kidlanishicha, 2015-yildan buyon kasallanish 39 foizga, o‘lim holatlari esa 49 foizga kamaygan bo‘lsa-da, bu sur’at 2030-yilgi strategik maqsadlarga erishish uchun yetarli emas. JSST mamlakatlarni tezkor diagnostika usullarini kengaytirishga, ukolsiz va qisqa muddatli davolash kurslariga o‘tishga hamda tashxis qo‘yilmagan har beshinchi bemorni aniqlash uchun choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda. Aks holda, oldini olish mumkin bo‘lgan minglab yangi yuqtirish va o‘lim holatlari davom etaveradi, deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi 100 ming aholiga nisbatan 33 tani, o‘lim ko‘rsatkichi esa 0,8 tani tashkil qilgan. Bu 2024-yilga nisbatan kasallanish darajasi 3,5 foizga kamaygan, o‘lim darajasi esa o‘zgarishsiz qolganini anglatadi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2025-yil yakuniga ko‘ra, sildan kasallanish ko‘rsatkichini reja bo‘yicha 100 ming kishiga nisbatan 34 tagacha kamaytirish ko‘zlangandi. Xastalik aniqlangan 14 ming nafardan ziyod bemor esa sifatli dori vositalari hamda muolaja bilan to‘la qamrab olinganini bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi — USAID “Sildan xoli O‘zbekiston” 5 yillik tashabbusini boshlagandi. Silning oldini olish, aniqlash va davolash ishlari bo‘yicha loyihaga 18 mln dollar sarmoya kiritilishi aytilgan o‘shanda. Ammo Trampning USAID orqali beriladigan xorijiy yordamni keskin qisqartirish qarori tufayli ko‘plab loyihalar yopilgan, bu holat ushbu tashabbusga qanday ta’sir qilgan — noma’lum.

Source: www.gazeta.uz