Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yil 1-iyundan boshlab, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida Maskat-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi Abdusalom Hotamov va O‘mon meros va turizm vaziri Sayyid Ibrohim bin Said al-Busaidiy o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi, deb “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniy merosini targ‘ib qilish, shuningdek, sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan. O‘mon tomoni so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida turizm va madaniy sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sayyohlar soni ortib borayotganini yuqori baholagan.

Maskat-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining O‘monga bo‘lajak tashrifi arafasida Maskat shahrida mamlakatning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan Road Show tadbirini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan, O‘mon tomoni uni tashkil etishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan.

Tomonlar, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida ikki mamlakatda fotoko‘rgazmalar tashkil etish masalasini ham qo‘llab-quvvatlagan. Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 2-aprelida Oman Air aviakompaniyasiga O‘zbekistonga Maskat-Toshkent-Maskat yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarini amalga oshirish uchun Foydalanish ruxsatnomasi rasmiylashtirib berilgan edi. Ma’lumot uchun, 2024-yil 1-iyun kuni O‘mon O‘zbekiston fuqarolari uchun 14 kunga vizasiz rejim joriy qilgan.

Source: www.gazeta.uz