O‘zbekistonda 2026-yil 1-apreldan davlat shifoxonalarining ish rejimi o‘zgaradi. Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, davlat tibbiy muassasalari besh kunlik ish haftasiga o‘tadi. Bu o‘zgarishlar shifokorlarning ish yukini optimallashtirish va xizmat sifatini oshirishga qaratilgan. Bayram va dam olish kunlarida tibbiy yordam uzluksizligini ta’minlash uchun navbatchilik tartibi joriy etiladi, bu esa aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini cheklamaydi. Shuningdek, har yili “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan davlat tibbiy muassasalari xodimlariga minimal ish haqi miqdorida moddiy rag‘batlantirish fondidan mukofotlar beriladi.
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar endi nafaqat pul to‘lovlari, balki jarima ballari shaklida ham amalga oshiriladi. 2026-yil 1-apreldan boshlab, video kuzatuv kameralari (radarlar) tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarga jarima ballari hisoblanadi. Transport vositasining egasi boshqa shaxsga mashinani topshirganda, shaxsiy elektron kabinet orqali bu haqda ma’lumot kiritishi va qabul qiluvchi shaxs uni tasdiqlashi kerak. Agar qabul qiluvchi tasdiqlamasa, jarima ballari transport vositasining egasining hisobiga yoziladi. Agar egada haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa va ballar 12 tadan oshsa, mashina vaqtincha ushlanib, jarima to‘xtash joyiga joylashtiriladi. Jarima ballari tizimi 2025-yil 1-iyundan boshlab ishga tushirilgan bo‘lib, dastlab faqat yo‘l politsiyasi xodimlari tomonidan qo‘lda qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun amal qilgan.
Naqd pulsiz to‘lovlar davri boshlanmoqda. Prezidentning “Naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va soyali iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab, bir qator to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bu chora soyali iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan bo‘lib, 2030-yilga kelib naqd pulsiz to‘lovlar ulushini savdo va xizmatlar sohasida 75 foizga yetkazish maqsad qilinmoqda. Barcha yuridik shaxslar elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR-kodni joriy etishi shart.
Chet elliklar uchun tax free tizimi ishga tushadi. 2026-yil 1-apreldan boshlab, O‘zbekistonda chet ellik fuqarolar uchun QQSni (qo‘shilgan qiymat solig‘ini) qaytarish tizimi – tax free joriy etiladi. Bu tizim respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida amal qiladi. Chet ellik fuqarolar istagiga ko‘ra, QQSning 85 foizi naqd pul shaklida qaytariladi, qolgan 15 foizi esa tax free operatorining xizmatlari uchun yo‘naltiriladi. QQS chet ellik fuqaroning bank kartasiga tovar chetga chiqarilgan kundan boshlab 3 ish kunida qaytariladi. QQSni qaytarish uchun minimal xarid summasi 300 ming so‘m (QQS hisobga olingan holda) belgilangan. Tax free tizimi oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari barcha tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi, cheklangan ro‘yxat bekor qilingan.
Source: kun.uz