Jahon Banki O‘zbekistonning eskirgan gaz uzatish infratuzilmasidagi sizib chiqish holatlarini kamaytirish, shuningdek, uy xo‘jaliklari va sanoat korxonalarini ta’minlash maqsadida 10,6 million dollar miqdorida grant ajratishni ma’qulladi. Bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bu haqda rasman ma’lum qildi.
Bankning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi gaz uzatish tarmoqlari texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga yetarlicha sarmoya kiritilmagani sababli vaqt o‘tishi bilan eskirib qolgan, bu esa katta miqdorda gaz sizib chiqishi va moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Agar zarur ishlar amalga oshirilmasa, 2030-yilga borib umumiy yo‘qotishlar 1,75 milliard kub metr gazga yetishi mumkin, bu esa 228 million dollarlik yo‘qotilgan daromadga teng.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin: “Gaz uzatish tizimi samaradorligini oshirish gaz yo‘qotishlarini kamaytirishga va shuning ortidan mamlakatda ishlab chiqarilgan hamda O‘zbekiston aholisi va biznesi uchun arzon energiya hajmi ko‘proq bo‘lishini ta’minlaydi. Tarmoqlardagi gaz sizib chiqishlarini kamaytirish qo‘shimcha resurslarni tejashga xizmat qiladi va sezilarli iqtisodiy foyda keltiradi”.
“O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish” loyihasi Jahon bankining GFMR trast jamg‘armasi granti hisobidan moliyalashtiriladi va “O‘ztransgaz” AJ tomonidan boshqariladigan gaz uzatish tarmoqlarida ko‘plab sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etish jarayonlarini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Loyiha doirasida 2029-yilgacha ta’mirlash ishlari orqali iste’molchilar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazib beriladigan qariyb 47,5 ming tonna gaz sizib chiqishining oldini olish rejalashtirilgan.
Gaz yo‘qotishlarining kamayishi taxminan 18 million dollar miqdorida mablag‘lar tejalishini ta’minlaydi. Ushbu mablag‘larning katta qismi sizib chiqishni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. GFMR trast fondi dasturi rahbari Zubin Bamji: “Gaz infratuzilmasidagi sizib chiqishlarni bartaraf etish nisbatan murakkab bo‘lmagan jarayon bo‘lib, bir qator afzalliklarga ega. Davlat daromadlarini oshirish va energiya xavfsizligini mustahkamlashdan tashqari, yangi loyiha qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, gaz uzatish tarmoqlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, zararli gaz chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi”.
Loyiha, shuningdek, gaz sizib chiqishini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish uchun “O‘ztransgaz” AJga zamonaviy uskunalar sotib olish va xodimlarni o‘qitishga sarmoya kiritishni nazarda tutadi. Shuningdek, “O‘ztransgaz” AJga tabiiy gazning asosiy komponenti bo‘lgan metan emissiyasi bo‘yicha hisobot va o‘lchashning xalqaro standartlarini joriy etishda ko‘maklashiladi.
Source: www.gazeta.uz