Varshavada bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekistonning mehnat resurslari salohiyati va Polsha kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish mavzulari muhokama qilindi. Tadbirda Grupa Progres, Gremi Personal, Personnel International kabi Polshaning 20 dan ortiq yetakchi rekruting kompaniyalari va ish beruvchilarining vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida polshalik ish beruvchilar O‘zbekistondan mehnat kuchini jalb qilish bo‘yicha aniq ehtiyojlarni bildirdilar. Xususan, logistika sohasiga 2000, xizmat ko‘rsatish sohasiga 800, sanoatga 600 va qurilish sohasiga 200 mutaxassis kerakligi ta’kidlandi. Shunday qilib, taxminan 3600 o‘zbekistonlikning Polshada ish topishi imkoniyati mavjud.
Tadbirda qatnashgan polshalik kompaniyalar vakillari O‘zbekistonni ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida baholadilar. Ular o‘zbekistonlik ishchilarni jalb qilishga tayyorligini va bu yo‘lda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qiziqishlarini bildirdilar.
Polsha tadbirkorlar va ish beruvchilar ittifoqi vakillari ikki davlat o‘rtasida samarali migratsiya siyosatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralarning ahamiyatini ta’kidladilar. Polsha iqtisodiyoti doimiy ravishda mehnat kuchiga ehtiyoj sekinligi va O‘zbekiston bu masalada ishonchli hamkorlardan biri bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo, ayniqsa O‘zbekistondan kelgan ishchilarga bo‘lgan yuqori talab alohida ta’kidlandi. Ba’zi kompaniyalar vizalar jarayonlarini soddalashtirish orqali mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada osonlashtirishning muhimligi haqida fikr bildirdilar.
Muzokaralar natijasida O‘zbekiston Migratsiya agentligi va akkreditatsiyadan o‘tgan ish bilan ta’minlash tashkilotlari ishtirokida B2B formatidagi keyingi uchrashuvlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bu Polshada fuqarolarning xavfsiz, qonuniy va tartibli mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Source: kun.uz