Markaziy bank tashabbusi bilan Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) kredit byurosi tomonidan “Kredit xabarnoma” nomli yangi xizmat ishga tushirildi. Bu xizmat orqali fuqarolar o‘z nomiga yangi kredit shartnomasi rasmiylashtirilgani haqida darhol xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Xabarnomalar SMS orqali va KATM mobil ilovasida push-bildirishnoma ko‘rinishida yuboriladi, bu esa noqonuniy yoki shaxs roziligisiz rasmiylashtirilgan kreditlarni o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi.
Xizmat 16-martdan boshlab KATM mobil ilovasi va rasmiy veb-sayti orqali foydalanuvchilarga taqdim etilmoqda. Foydalanuvchilar “Qo‘shimcha xizmatlar” bo‘limi orqali “Kredit xabarnoma” funksiyasini faollashtirishlari kerak, bunda SMS xabarnoma xizmati avvaldan ulangan bo‘lishi shart. Xizmat pulli bo‘lib, uning narxi bazaviy hisoblash miqdorining 0,01 barobari (QQSsiz) yoki 4 614,40 so‘m (QQS bilan)ni tashkil etadi va 1 yil davomida amal qiladi.
Agar fuqaroga kredit rasmiylashtirilgani haqida xabarnoma kelib tushsa va bu kredit u tomonidan olinmagan bo‘lsa, avval KATM mobil ilovasi orqali kredit tarixini tekshirish tavsiya etiladi. Zarur hollarda “Kreditga taqiq” xizmatini faollashtirish, kredit rasmiylashtirilgan tashkilotga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish mumkin. Agar xabarnoma fuqaro tomonidan rasmiylashtirilgan kreditga tegishli bo‘lsa, qo‘shimcha harakat talab etilmaydi.
Ilovani Google Play, AppStore va AppGallery orqali yuklab olish mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda O‘zbekistonda qariyb 440 ming fuqaro ixtiyoriy ravishda o‘ziga kredit rasmiylashtirilishini taqiqladi. Jismoniy shaxslar uchun o‘z ma’lumotlarini kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish xizmati 2025-yil 6-iyundan boshlab ishga tushgandi, bu xizmat bepul va my.gov.uz orqali mavjud.
Source: www.gazeta.uz