O‘zbekistonda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar uchun bojxona bojlari bekor qilinishi, QQS esa faqat tayyor mahsulot sotilganda to‘lanishini nazarda tutuvchi yangi mexanizm joriy etilmoqda. Bu tashabbus 28-mart kuni oziq-ovqat va qandolatchilik sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda rasman e’lon qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning ma’lum qilishicha, ushbu tashabbus ko‘plab ishlab chiqaruvchilarning tarif masalalaridagi murojaatlariga javoban ishlab chiqilgan. U “tarif inversiyasi” deb ataladigan tizimli muammoni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi: “Ayrim tovarlarda tayyor mahsulot importi uchun boj stavkasi past yoki nolga teng, ammo shu mahsulotni ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallar importi uchun bojxona boji stavkalari yuqori. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar tannarxi oshishi, import mahsulotlar bilan raqobat qilish imkoniyatining pasayishi kuzatilmoqda.”
Misol tariqasida shokolad ishlab chiqarish keltirildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ingrediyentlar importiga qo‘yiladigan bojlar sabab mahalliy ishlab chiqarilgan shokoladning tannarxi qariyb 57 ming so‘mni tashkil etadi, import qilingan muqobili esa bozorga 50 ming so‘mdan kirib keladi. Natijada talabning 83 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Xuddi shunday holat shakar misolida ham kuzatiladi – ehtiyojning atigi 17 foizi ichki ishlab chiqarish hisobidan qoplanadi.
Yangi mexanizm 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-sonli prezident farmoniga muvofiq, “bojxona hududida qayta ishlash” (51-rejim) rejimini qo‘llashga asoslangan. Bunda xomashyo olib kirilganda boj undirilmaydi, QQS to‘lovi esa import vaqtida emas, balki tayyor tovar xaridorga sotilganda bir marta to‘lanadi. Bojxona qo‘mitasi vakili ta’kidlashicha, boj stavkasi tayyor mahsulotga qarab belgilanadi: “Agar tayyor tovarga 0 foiz qo‘llanilsa, bu yerda ham 0 foiz qo‘llaniladi.”
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu mexanizm mahsulot tannarxini 18 foizgacha pasaytirish imkonini beradi. Birinchi bosqichda mamlakatda ingrediyentlari ishlab chiqarilmaydigan yoki ishlab chiqarish kam rivojlangan 15 turdagi mahsulot tajriba uchun tanlab olindi. Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov rejimning qat’iy raqamli nazorat ostida amalga oshirilishini ta’kidladi: “Biz har bir shokolad plitkasida qancha shakar borligini hisoblay olamiz. Agar xomashyo uchinchi shaxslarga qayta sotilgani aniqlansa, korxona bu rejimda ishlash huquqidan mahrum etiladi.”
Yaqin vaqt ichida tadbirkorlik subyektlarining so‘rovlariga ko‘ra yana kamida oltita mahsulot toifasini ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Fevral oyida O‘zbekiston prezidenti mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va xomashyo zaxiralarini shakllantirish tizimini yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. Yanvar oyida esa 82 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga “nol” stavkali bojxona bojlari belgilandi.
Source: www.gazeta.uz