Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Chimkentda bo‘lib o‘tgan Digital Qazaqstan 2026 xalqaro forumida mamlakatning raqamlashtirish va sun’iy intellekt (SI) sohasidagi yutuqlarini taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, davlat boshqaruvini optimallashtirish va ma’lumotlarni konsolidatsiya qilish nafaqat mablag‘ tejashga, balki kuchli hisoblash bazasini qurishga imkon berdi.

Aripov elektron hukumat tizimlarining yagona ma’lumotlar markazida birlashtirilishi budjetning tarmoq xarajatlarining 30 foizini tejashga olib kelganini aytdi. Bu esa yirik hisoblash klasterini ishga tushirishni boshlashga sabab bo‘ldi, bu milliy SI infratuzilmasini shakllantirish va loyihalarni sanoat miqyosiga o‘tkazish uchun muhim qadam hisoblanadi.

Bosh vazir O‘zbekiston iqtisodiyotning real sektoriga “aqlli” yechimlarni faol joriy etayotganini ta’kidladi. Misol sifatida, mintaqadagi eng yirik kon-metallurgiya kombinatlaridan biri bo‘lgan OKMKning yangi 3-sonli mis boyitish fabrikasini keltirdi, u yerda 60 dan ortiq tizim va 20 mingdan ziyod sensorlarni birlashtirgan raqamli kontur yaratilgan, bu butun ishlab chiqarish zanjirini real vaqt rejimida intellektual tahlil qilish imkonini beradi.

Aripov shuningdek, mamlakatda 100 ta ustuvor SI loyihalari portfeli faol bosqichda ekanligini, Sun’iy intellekt alyansini tashkil etish va 19 ta ilmiy-o‘quv laboratoriyasini ochish orqali tizimli rivojlanishga erishilayotganini qayd etdi. Bundan tashqari, u 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh interneti sinov tariqasida ishga tushishini va operatorlar uchun soliq imtiyozlari paketi shakllantirilganini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz