Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“Tashabbusli budjet”ning 2026-yilgi birinchi mavsumi yakunlariga ko‘ra, dastlab g‘olib bo‘la olmagan 47 ta loyiha uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari qarori bilan mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 18,2 mlrd so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan avval g‘olib bo‘lmagan loyihalar qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topilib, moliyalashtiriladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha g‘olib loyihalarni e’lon qilish vakolati berilgan. Qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topilgan loyihalar ro‘yxati bilan openbudget.uz portali orqali tanishish mumkin.

21-mart kuni “Tashabbusli budjet”ning 2026-yil 1-mavsum g‘olib loyihalari e’lon qilingandi. Fuqarolar tashabbuslari 10,2 milliondan ortiq ovoz to‘pladi. Maktablar, yo‘llar va boshqa obyektlarni ta’mirlash bo‘yicha 1996 ta loyihaga 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

2026-yilda mazkur dasturga 6 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Shundan 496 mlrd so‘m deputatlik tashabbuslari amaliyotini joriy etishga, 506 mlrd so‘m esa aholi va davlat o‘rtasidagi “qo‘shma moliyalashtirish” shaklidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Prezident qarori bilan 2026-yildan boshlab g‘olib bo‘lmagan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) deputatlar tashabbusiga ko‘ra g‘olib deb e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. G‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga salkam 3,3 mlrd so‘m ajratiladi.

Xuddi shu hujjat bilan 1-fevraldan “Tashabbusli budjet”da ayrim loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etildi. Bunda aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foizi ixtiyoriy moliyalashtirilganda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.

Source: www.gazeta.uz