Raqobatni muhofaza qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish talablarini buzayotgan importchilar va sotuvchilarni ogohlantirish bilan chiqdi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil davomida tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan qurilmalar sababli xaridorlar IMEI kodlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish zarurati bilan yuzma-yuz kelayotgani haqida murojaatlar sezilarli darajada oshgan. Jami 147 ta murojaat qabul qilingan bo‘lib, ulardan 55 tasi ijobiy hal etilgan, 89 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan va 3 tasi vakolatli organlarga yuborilgan.
Amaldagi qonunchilikga muvofiq, iste’molchilarga tovar haqida to‘liq va aniq ma’lumot berish, shuningdek, mahsulotning normal ishlashini ta’minlash majburiy hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 778-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, mobil qurilmalarni IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyati ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki sotuvchi zimmasiga yuklatilgan. Bu talablar buzilganda, iste’molchilar qo‘shimcha xarajatlar va muammolarga duch kelishi mumkin.
Qo‘mita, iste’molchilarga qo‘shimcha xizmatlarni majburan yuklash mumkin emasligini ta’kidladi, ya’ni IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish xaridor zimmasiga yuklanmaydi. Chakana savdoda esa faqat ro‘yxatdan o‘tgan qurilmalarni sotish uchun sotuvchi javobgar hisoblanadi. Ogohlantirishda, agar importchilar yoki sotuvchilar talablarni buzib, iste’molchilar huquqlarini poymol etsalar, ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi e’lon qilindi.
Source: www.gazeta.uz