Buxoro viloyatida elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejasi e’lon qilindi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi. Yig‘ilishda 2026-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi, jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trillion so‘mga yetkazish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar hajmini oshirish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 2 foizgacha qisqartirish hamda 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish vazifalari belgilandi.
Sanoat tarmoqlari kesimida 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 2,2 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu loyihalar natijasida 18 ming yangi ish o‘rni yaratish va aholi jon boshiga sanoat hajmini 25,6 million so‘mdan 29,6 million so‘mga yetkazish mo‘ljallangan. Xususan, Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan, loyihaning qiymati 350 million dollarni tashkil etib, 500 ta ish o‘rni yaratiladi.
Boshqa muhim loyihalar qatorida Buxoro tumanida pirolizni qayta ishlash orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum va kalsiy xlorid ishlab chiqarish bo‘yicha 220 million dollarlik loyiha, Qorovulbozor tumanida 85 million dollarlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarishni kengaytirish, Kogon tumanida qog‘oz va karton mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mineral o‘g‘it va gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari muhokama qilindi.
61 ta mavjud sanoat zonasidagi bo‘sh yer maydonlarida yangi ishlab chiqarishlar uchun yo‘nalishlar belgilab olindi, jumladan, Buxoro shahri va tumanida oziq-ovqat va mebelchilik, Vobkentda charm va yengil sanoat, Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo, Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat, G‘ijduvonda qurilish materiallari yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi. Qishloq xo‘jaligida zamonaviy yerdan foydalanish texnologiyalari va irrigatsiya tizimlarini joriy etish hisobiga 100 ming gektar yerni o‘zlashtirish va foydalanishga kiritish mumkinligi qayd etildi.
Source: www.gazeta.uz