Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning Qashqadaryo va Surxandaryo viloyatlarida 22-martdan, Samarqand viloyatida 24-martdan, Jizzax viloyatida esa 28-martdan boshlab zararli chigirtkalar tuxumdan chiqa boshlagani aniqlandi. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bu haqda rasmiy xabar berdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, gap 1-2 yoshdagi marokash chigirtkasi haqida bormoqda va ularning qishloq xo‘jaligi yerlari hamda aholi tomorqalariga tarqalishining oldini olish uchun faol ishlar olib borilmoqda.

Barcha hududlarda kuzatuv-nazorat ishlari kuchaytirilib, chigirtka to‘dalari aniqlangan joylarda kimyoviy kurash o‘tkazilmoqda. Agentlik an’anaviy kimyoviy kurash tadbirlari har yili voha hududlarida boshlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari bilan yakunlanishini eslatdi. 1-aprel holatiga ko‘ra, kurash tadbirlariga 53 ta yuqori unumli purkagichli maxsus avtomashina, 194 ta purkagichli traktorlar, 1000 tadan ortiq motorli osma qo‘l purkagichi, 25 ta suv tashuvchi transport vositasi, 66 ta mototsikl shay holatga keltirilgan. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va kimyoviy vositalar zaxiralari shakllantirilgan.

2026-yilda jami 651,8 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar 22 ming gektardan ortiq maydonda kuzatuv olib borilgan, 3641 gektarda kimyoviy kurash o‘tkazilgan. Chigirtkalarga qarshi kurashish uchun barcha viloyatlarda shtablar, tumanlarda esa tezkor kurash otryadlari tashkil etilgan. Agentlikning ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 200 ga yaqin chigirtka turi mavjud bo‘lib, har yili 6-8 turdagi to‘da hosil qiluvchi zararli chigirtkalarga qarshi kurash olib boriladi.

Mavsumni betalafot o‘tkazish uchun chigirtka xizmati 24/7 rejimiga o‘tkazildi. Kuzatuv-nazorat va qarshi kurash tadbirlariga respublika bo‘yicha jami 700 nafarga yaqin mutaxassis jalb etildi. Kimyoviy ishlovlar olib borish bepul ekanligi ta’kidlandi. Zararli chigirtka tarqalgan hudud haqida xabar berish uchun 1288 yoki 71 202 10 00 raqamlariga murojaat qilish mumkin, agentlik hududlardagi mas’ul mutaxassislarning raqamlarini ham e’lon qildi.

2025-yil iyun oyida Toshkentda chigirtka ko‘payganiga oid xabarlarga javoban O‘simliklar himoyasi agentligi kurash faqat qishloq xo‘jaligi uchun xavfli, to‘da bo‘lib yashovchi turlarga qarshi olib borilayotganini tushuntirgandi. Kimyoviy tozalashni agar kv. metr uchun zichlik ko‘payib ketsa, poytaxt chigirtkalariga qarshi ham qo‘llash mumkinligi aytilgan.

Source: www.gazeta.uz