O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Kiprda bo‘lib o‘tayotgan Nomzodlar turnirining dastlabki to‘rt turida 3,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Ushbu natija bilan u turnir tarixida dastlabki to‘rt turda 3,5 ochkoga erishgan birinchi ishtirokchiga aylandi va jahon reytingida 6-o‘ringa ko‘tarildi. 20 yoshli shaxmatchi ayniqsa turnirning asosiy favoritlaridan biri bo‘lgan amerikalik Fabiano Karuanani oq donalar bilan o‘ynab, 20-yurishga yetmasdan hal qiluvchi ustunlikka erishib, mag‘lub etdi, bu esa uning faoliyatidagi eng esda qolarli g‘alabalaridan biri sifatida qayd etildi.
Sindarov g‘alabasining asosiy sababi sifatida tur oldidan jamoasi bilan olib borilgan chuqur tayyorgarlikni ta’kidladi. U raqibining tanlovini deyarli aniq bashorat qilganini aytib, “Bugun juda yaxshi partiya o‘ynadim, deb o‘ylayman. Omadim keldi. Tur oldidan aynan shu variantni takrorlayotgandim va haqiqatan ham omadim keldi”, dedi. U sekundantlari bilan birga Karuananing barcha ehtimoliy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqqanini va raqibning aynan shu liniyani tanlashini his qilganini, shuning uchun maydonga chiqishdan oldin yana bir bor takrorlaganini izohladi.
Mag‘lub bo‘lgan Fabiano Karuana qisqa fikr bildirib, raqib tayyorgarligining ustunligini tan oldi va “Aslida men debyutdayoq tutildim. Menimcha, rux g8`ga yurishi katta xato bo‘ldi”, deb aytdi. Sindarov esa bu bahoni tasdiqlab, Rg8 yurishini jiddiy xato deb atadi, chunki uning tahlillariga ko‘ra, qoralar d4`dagi piyodani olishi kerak edi. U c6 yurishi va otning d4`ga sakrashi bilan bog‘liq o‘tkir kombinatsiyani “uy tayyorgarligi” deb ta’rifladi va agar taxta ustida hisoblasa, kamida 20 daqiqa ketar edi, lekin u deyarli darhol yurish qilganini aytdi.
Sindarov strategiyasini o‘zgartirgani haqidagi savolga javob berar ekan, avvalroq “ishonchli” o‘ynashni aytganiga qaramay, vaziyatga qarab harakat qilganini ta’kidladi. U “G‘oyam ishonchli o‘ynash edi. Lekin u variantlarni unutgan bo‘lishi mumkinligini tushungach, unga bosim qilishga qaror qildim. Albatta, u aniq o‘ynaganda, ehtimol partiya durang bilan tugardi”, dedi. Kelgusi partiyalar qiyinligi haqida esa u “Bu haqda uncha o‘ylamayman. Men shunchaki shaxmat o‘ynayman. Partiya paytida esa faqat bir narsani payqayman — zal bo‘ylab juda ko‘p yuraman”, deb qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston shaxmatchilarining jahon arenasida keskin yuksalishi sabablari haqida gapirar ekan, Sindarov bu jarayonda davlatning tizimli qo‘llab-quvvatlovi va mamlakatdagi ichki turnirlar taqvimining zichligi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. U “Avvalo, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ko‘plab yirik turnirlar tashkil etildi — rapid va blits bo‘yicha jahon chempionati, Grand Swiss, ko‘plab kuchli openlar. Hukumatimiz va prezidentimiz shaxmatni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlayapti. Oxirgi ikki-uch yilda eng yaxshi murabbiylar bilan ishlash uchun ajoyib sharoitlar yaratildi. Menimcha, bu bizga yordam beryapti. Hozir bizda Olimpiada uchun juda kuchli jamoa bor”, dedi. U amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukeshga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan bahs haqida oldindan taxmin bildirishdan bosh tortdi va “Bu savolga javob berishni istamayman, chunki turnir hali davom etmoqda. Rahmat”, deb qisqa javob berdi.
Turnir 29-martdan 15-aprelgacha Kiprda bo‘lib o‘tmoqda va unda sakkiz nafar eng kuchli grossmeyster, jumladan, Xikaru Nakamura, Fabiano Karuana va O‘zbekistondan debyutant Javohir Sindarov ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar ikki davra (14 tur) davomida 500 ming yevro miqdoridagi mukofot jamg‘armasi, eng muhimi esa jahon chempioni Dommaradju Gukeshga qarshi toj uchun bahs olib borish huquqi uchun kurashmoqda. 2-aprel kuni musobaqada dam olish kuni deb e’lon qilingan, 5-turda esa Sindarov qora donalar bilan Xikaru Nakamuraga qarshi bahs olib boradi.
Source: www.gazeta.uz